Dekabr oyi so’nggida asosan ikkita xabar e’tiborimni tortdi.
1.
O’zbekistonda professioanl xokkey jamoasi
tashkil etiladi.
2.
Oliy liga klublari qoshida ayollar futbol
jamoasi tuziladi.
Futbolga rashkim o’zini tutib turolmadi. Boshida “avval
futbolni rivojlantirib olsak bo’larmidi...” degan fikr o’tgan bo’lsa,
ikkinchisida “Oliy liga klublari o’zi zo’rg’a kun ko’rayapti-ku...” deb qoldim.
Birinchi fikrga hozir o’zim qarshi chiqaman. Sababi xokkeyni yoqtiradigan inson
futbolni yoqtirishga majbur emas. Biz barcha sport turlarida Xitoy qayd
etayotgan natijani yaqin orada takrorlay olmaymiz. Ammo bu 4ta sport turini
olib qolib, qolganlarini yo’q qilishni bildirmaydi. Boshqacha aytganda imkonimiz
bo’la turib ayrim sport turlariga e’tibor bermaslik juda oqlab bo’ladigan ish
emas. Har kimning qiziqishi turlicha.
Bu bilan bizda xokkeyga imkoniyat bor-u, biz undan
foydalanmaymiz demoqchi emasman. Biroq qor ko’rmagan Indoneziya yoki Qatarda
emasmiz. Qolaversa bizda xokkey klubi bo’lgan – “Binokor”! Faqatgina 1ta.
Adashmasam Toshkentdagi Beruniy metro bekatidagi “Alpomish” sport saroyida
“Binokor” o’z o’yinlarini o’tkazgan. Klub qay tariqa yo’q bo’lib ketgani menga
ma’lum emas. Mantiqan fikrlaganda O’zbekiston mustaqillikka erishgach “Binokor”
Sobiq ittifoq ligalarida ishtirok eta olmasdi. O’sha vaqtda Sobiq ittifoq
chempionati eshiklari barcha sport turlari uchun yopilib bo’lingandi. Shu
tariqa 70-yillarda tashkil etilgan Sobiq ittifoqning janubiy klubi
chempionatsiz qoldi. Balki bizda “Binokor”dan boshqa xokkey klublari ham
bo’lganida futbol singari mustaqillikdan keyin alohida O’zbekiston xokkey
ligasini tuzish mumkin edi. Biroq Toshkentda nafaqat “Binokor”, balki
“Alpomish” sport saroyi ham saqlab qolinmadi. Uning o’rnini “O’zko’rgazmasavdo”
egalladi.
Bu holat o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmadi albatta.
O’zbekistonda qishki sport turlariga bo’lgan qiziqish kamayib ketdi. Vaxolanki
Norvegiyaning Lillexammer shahrida bo’lib o’tgan 1994-yilgi qishki olimpiya
o’yinlarida O’zbekiston terma jamoasi 1ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida
14-o’rinni egallagandi. Lina Cheryazeva fristaylning akrobatika turida
1-o’rinni qo’lga kiritgan. 2010-yilgi qishki olimpiya o’yinlariga Kanadaning
Vankuver shahri mezbonlik qildi va unda O’zbekiston nomidan 3 nafar sportchi
2ta sport turida ishtirok etdi. Katta extimol bilan ular qishki olimpiya
o’yinlariga Moskva yoki Yevropaning boshqa bir shahrida tayyorgarlik
ko’rishgan.
Arab mamlakatlaridan biri (adashmasam Qatar bo’lsa kerak)
muz sport saroyini ishg tushirgani haqida eshitgandim. Madomiki arab zaminida
bunga imkon bor ekan, muz sport saroylarini O’zbekistonda bemalol ko’paytirish
mumkin. Ya’ni, birgina xokkey ligasining vujudga kelishi muz bilan bog’liq
bo’lgan yana bir qancha sport turlriga o’z ta’sirini ko’rsatishi katta ehtimol.
Bugungi kunda xokkeyning obro’si chakki emas. Ayniqsa shimoliy mintaqalarda
xokkey tomoshabopligi borasida futbol bilan bemalol raqobatlasha oladi. Boz
ustiga O’zbekistonda xokkeyga qiziquvchilar ham oz emas. Ularning sezilarli
qismi o’rta va katta yosh vakillari, ya’ni “Binokor” degan jamoa haqida aniq
tasavvurga ega bo’lgan avlod vakillari.
Unutmaslik kerakki, xokkey butunlay yo’qolib ketgan
mamlakatda uni qayta tiklash hazilakam mablag’ni talab qilmaydi. Bu haqda
O’zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi yanada aniq tasavvurga ega.
Ayni paytd xokkey ligasining tashkil etilishi “ortiqcha yuk”dek ko’rinishi
tabiiy hol. Biroq vazirlik bu qarorga kelishdan oldin o’z imkoniyatlarini
chamalab ko’rgani aniq, har holda shunga umid qilamiz. Katta mablag’ va bizning
futbolga mehrimizni inobatga olmaganda, men xokkey ligasining tashkil
etilishida boshqa yomon jihat ko’rganim yo’q. Balki shundan keyin TV orqali
figurali uchishni tomosha qilishni juda yoqtiradigan onam bilan muz sport
saroyiga borish ham nasib qilar. Aytmoqchi bo’lganim, bizda muz sport turlariga
qiziqish bor-u, uni bevosita jonli tomosha qilish imkoni yo’q xolos. Lekin shu
“xolos”ning o’zini amalga oshirish ham anchagina qimmat turadi.
Endi esa ikkinchi masala – ayollar futboli. Bu bevosita biz
rivojlantirish haqida juda ko’p o’ylaydigan o’zbek futboli bilan bog’liq masala.
O’zbekistonda ayollar futboli deganda “Sevinch” (Qarshi) klubi ko’z oldimizga
keladi. Avvallari esa “Andijanka” (Andijon), “Gulbahor” (Namangan) klublari ham
katta obro’ga ega bo’lishgan. Terma jamoalar bazasi bo’lib shakllangan
“Sevinch” klubi va unga yaratilgan shart-sharoitlarni ko’rib aytish mumkinki, O’zbekistonda
ayollar futboli rivojlanayotgani fakt. Oliy liga klublari qoshida ayollar
futbol klublarini tashkil etish qarori bu borada yana bir muhim qadam
bo’lishiga shubha yo’q. Shundan keyin rivojlanish tezligi va ko’rsatkichi
sezilarli oshishi turgan gap. Biroq...
Bu borada men nohaq bo’lishim mumkin... Adashmasam sportning
ayollarga yarashadigan boshqa turlari ham yetarlicha... Buni ayollar futboliga
qarshilik deb tushunishingizni istamayman. Sababi bizda ayollar klublari
borligi fakt va umuman olganda ayrim qizlarning to’p tepishi qiziqarli holat.
Men shunchaki ayollar futbolidagi ommaviylik darajasini erkaklar futboli bilan
bog’lab qo’yishga qarshiman xolos. Oddiy misol, O’zbekiston ayollar terma
jamoasi Osiyo chempionatiga chiqa olmasa, men futbolchi qizlardan hafa
bo’lmayman. Chiqib qolsa ular kabi quvonaman va xursan bo’laman. Biroq
O’zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatidan qolib ketsa men hafa
bo’laman, juda ham. Bu ayollar futbolining erkaklar futboliga bog’lanib qolishi
milliy terma jamoaning jahon chempionatidagi ishtirokiga ta’sir qiladi degani
emas. Biroq ayollar futboli rivoji yo’lida qilinayotgan mazkur ish Oliy liga
klublari rivojini sekinlashtirishi mumkin. Shundoq ham moliyaviy qiyinchiliklar
bilan o’ralashib qolayotgan klublar uchun ayollar futboli qo’shimcha yuk bo’lib
qolmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.
Osiyoda ayollar futbolini sharqiy Osiyo mamlakatlari
darajasiga olib chiqish o’ta mushkul. Biz o’sha mamlakatlar darajasiga qolgan
sport turlarida ham chiqa olganimizcha yo’q. Ayollar futboli esa ikki barobar
qiyin. Odiiy misol, Yaponiya ayollar futbolida istasa jahon chempioni bo’la
oladi. Biz esa juda istasak ham Osiyoning eng kuchli oltinchi jamoasi bo’la
olmaymiz. Teng huquqli jamiyatda ayollarni nimadandir cheklab qo’yish
noto’g’ri. Agar ularning ichida futbol o’ynashga ishtiyoqmandi bo’lsa bemalol.
Biroq ayollar futbolini ommaviy rivojlantirib, bora-bora uning oldiga talablar
qo’yadigan ahvolga kelib qolishimiz hozir menga g’alati ko’rinayapti. Bizning
erkaklar futboliga bo’lgan talablarimiz yildan-yildan o’sib borayotganini
payqash qiyin emas. Bir kun kelib bu ayollar futboliga ham ko’chib o’tishini
kim qanday hazm qiladi? 11ta qizni yugurtirib natija talab qilish rosa qiziq
bo’lsa kerak. Ayollar sporti qiziqish, ko’ngil ochish vajidan bo’lsa uni qabul
qilish mumkin, ayrim qiziquvchilari uchun. Biroq futbol, kurash, tosh ko’tarish
va umuman erkaklarga xos sport turlarida ayollarning ommaviy ishtiroki har
qancha urinmay menga g’alati ko’rinaveradi.
Shu o’rinda ayollarning futbolga bo’lgan mehrini juda-juda
qadrlayman. Bu borada ular rosmana kuch. Futbolchilar uchun ular haqiqiy
motivatsiya vazifasini o’tab beradi. Ayollarning futbolga bo’lgan qiziqishi
yangi-yangi Messilarning kamol topishida juda muhim rol o’ynaydi. Men ayollar
futboliga ham qarshi emasman. Ular bemalol to’p tepishlari mumkin ;-) Biroq
ayni vaqtda meni ko’proq erkaklar futboli tashvishga soladi... tushuning, hozir
bizga eng yaxshi ayollar futbol terma jamoasidan ko’ra kuchli milliy terma
jamoa muhimroq, kuchli futbol liga zarurroq. Shu o’rinda O’zbekiston nomini
dunyoga tanitayotgan futbolchi qizlarimizdan ming bor uzr so’rayman. Men
sizlarni yaxshi ko’raman va juda xurmat qilaman!