Поиск по этому блогу

07 января, 2013

Biz sizlarni maydondan tashqarida ko'proq yaxshi ko'ramiz...:-)

Dekabr oyi so’nggida asosan ikkita xabar e’tiborimni tortdi.

1.       O’zbekistonda professioanl xokkey jamoasi tashkil etiladi.
2.       Oliy liga klublari qoshida ayollar futbol jamoasi tuziladi.

Futbolga rashkim o’zini tutib turolmadi. Boshida “avval futbolni rivojlantirib olsak bo’larmidi...” degan fikr o’tgan bo’lsa, ikkinchisida “Oliy liga klublari o’zi zo’rg’a kun ko’rayapti-ku...” deb qoldim. Birinchi fikrga hozir o’zim qarshi chiqaman. Sababi xokkeyni yoqtiradigan inson futbolni yoqtirishga majbur emas. Biz barcha sport turlarida Xitoy qayd etayotgan natijani yaqin orada takrorlay olmaymiz. Ammo bu 4ta sport turini olib qolib, qolganlarini yo’q qilishni bildirmaydi. Boshqacha aytganda imkonimiz bo’la turib ayrim sport turlariga e’tibor bermaslik juda oqlab bo’ladigan ish emas. Har kimning qiziqishi turlicha.  

Bu bilan bizda xokkeyga imkoniyat bor-u, biz undan foydalanmaymiz demoqchi emasman. Biroq qor ko’rmagan Indoneziya yoki Qatarda emasmiz. Qolaversa bizda xokkey klubi bo’lgan – “Binokor”! Faqatgina 1ta. Adashmasam Toshkentdagi Beruniy metro bekatidagi “Alpomish” sport saroyida “Binokor” o’z o’yinlarini o’tkazgan. Klub qay tariqa yo’q bo’lib ketgani menga ma’lum emas. Mantiqan fikrlaganda O’zbekiston mustaqillikka erishgach “Binokor” Sobiq ittifoq ligalarida ishtirok eta olmasdi. O’sha vaqtda Sobiq ittifoq chempionati eshiklari barcha sport turlari uchun yopilib bo’lingandi. Shu tariqa 70-yillarda tashkil etilgan Sobiq ittifoqning janubiy klubi chempionatsiz qoldi. Balki bizda “Binokor”dan boshqa xokkey klublari ham bo’lganida futbol singari mustaqillikdan keyin alohida O’zbekiston xokkey ligasini tuzish mumkin edi. Biroq Toshkentda nafaqat “Binokor”, balki “Alpomish” sport saroyi ham saqlab qolinmadi. Uning o’rnini “O’zko’rgazmasavdo” egalladi.

Bu holat o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmadi albatta. O’zbekistonda qishki sport turlariga bo’lgan qiziqish kamayib ketdi. Vaxolanki Norvegiyaning Lillexammer shahrida bo’lib o’tgan 1994-yilgi qishki olimpiya o’yinlarida O’zbekiston terma jamoasi 1ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida 14-o’rinni egallagandi. Lina Cheryazeva fristaylning akrobatika turida 1-o’rinni qo’lga kiritgan. 2010-yilgi qishki olimpiya o’yinlariga Kanadaning Vankuver shahri mezbonlik qildi va unda O’zbekiston nomidan 3 nafar sportchi 2ta sport turida ishtirok etdi. Katta extimol bilan ular qishki olimpiya o’yinlariga Moskva yoki Yevropaning boshqa bir shahrida tayyorgarlik ko’rishgan.

Arab mamlakatlaridan biri (adashmasam Qatar bo’lsa kerak) muz sport saroyini ishg tushirgani haqida eshitgandim. Madomiki arab zaminida bunga imkon bor ekan, muz sport saroylarini O’zbekistonda bemalol ko’paytirish mumkin. Ya’ni, birgina xokkey ligasining vujudga kelishi muz bilan bog’liq bo’lgan yana bir qancha sport turlriga o’z ta’sirini ko’rsatishi katta ehtimol. Bugungi kunda xokkeyning obro’si chakki emas. Ayniqsa shimoliy mintaqalarda xokkey tomoshabopligi borasida futbol bilan bemalol raqobatlasha oladi. Boz ustiga O’zbekistonda xokkeyga qiziquvchilar ham oz emas. Ularning sezilarli qismi o’rta va katta yosh vakillari, ya’ni “Binokor” degan jamoa haqida aniq tasavvurga ega bo’lgan avlod vakillari.

Unutmaslik kerakki, xokkey butunlay yo’qolib ketgan mamlakatda uni qayta tiklash hazilakam mablag’ni talab qilmaydi. Bu haqda O’zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi yanada aniq tasavvurga ega. Ayni paytd xokkey ligasining tashkil etilishi “ortiqcha yuk”dek ko’rinishi tabiiy hol. Biroq vazirlik bu qarorga kelishdan oldin o’z imkoniyatlarini chamalab ko’rgani aniq, har holda shunga umid qilamiz. Katta mablag’ va bizning futbolga mehrimizni inobatga olmaganda, men xokkey ligasining tashkil etilishida boshqa yomon jihat ko’rganim yo’q. Balki shundan keyin TV orqali figurali uchishni tomosha qilishni juda yoqtiradigan onam bilan muz sport saroyiga borish ham nasib qilar. Aytmoqchi bo’lganim, bizda muz sport turlariga qiziqish bor-u, uni bevosita jonli tomosha qilish imkoni yo’q xolos. Lekin shu “xolos”ning o’zini amalga oshirish ham anchagina qimmat turadi.

Endi esa ikkinchi masala – ayollar futboli. Bu bevosita biz rivojlantirish haqida juda ko’p o’ylaydigan o’zbek futboli bilan bog’liq masala. O’zbekistonda ayollar futboli deganda “Sevinch” (Qarshi) klubi ko’z oldimizga keladi. Avvallari esa “Andijanka” (Andijon), “Gulbahor” (Namangan) klublari ham katta obro’ga ega bo’lishgan. Terma jamoalar bazasi bo’lib shakllangan “Sevinch” klubi va unga yaratilgan shart-sharoitlarni ko’rib aytish mumkinki, O’zbekistonda ayollar futboli rivojlanayotgani fakt. Oliy liga klublari qoshida ayollar futbol klublarini tashkil etish qarori bu borada yana bir muhim qadam bo’lishiga shubha yo’q. Shundan keyin rivojlanish tezligi va ko’rsatkichi sezilarli oshishi turgan gap. Biroq...

Bu borada men nohaq bo’lishim mumkin... Adashmasam sportning ayollarga yarashadigan boshqa turlari ham yetarlicha... Buni ayollar futboliga qarshilik deb tushunishingizni istamayman. Sababi bizda ayollar klublari borligi fakt va umuman olganda ayrim qizlarning to’p tepishi qiziqarli holat. Men shunchaki ayollar futbolidagi ommaviylik darajasini erkaklar futboli bilan bog’lab qo’yishga qarshiman xolos. Oddiy misol, O’zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo chempionatiga chiqa olmasa, men futbolchi qizlardan hafa bo’lmayman. Chiqib qolsa ular kabi quvonaman va xursan bo’laman. Biroq O’zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatidan qolib ketsa men hafa bo’laman, juda ham. Bu ayollar futbolining erkaklar futboliga bog’lanib qolishi milliy terma jamoaning jahon chempionatidagi ishtirokiga ta’sir qiladi degani emas. Biroq ayollar futboli rivoji yo’lida qilinayotgan mazkur ish Oliy liga klublari rivojini sekinlashtirishi mumkin. Shundoq ham moliyaviy qiyinchiliklar bilan o’ralashib qolayotgan klublar uchun ayollar futboli qo’shimcha yuk bo’lib qolmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Osiyoda ayollar futbolini sharqiy Osiyo mamlakatlari darajasiga olib chiqish o’ta mushkul. Biz o’sha mamlakatlar darajasiga qolgan sport turlarida ham chiqa olganimizcha yo’q. Ayollar futboli esa ikki barobar qiyin. Odiiy misol, Yaponiya ayollar futbolida istasa jahon chempioni bo’la oladi. Biz esa juda istasak ham Osiyoning eng kuchli oltinchi jamoasi bo’la olmaymiz. Teng huquqli jamiyatda ayollarni nimadandir cheklab qo’yish noto’g’ri. Agar ularning ichida futbol o’ynashga ishtiyoqmandi bo’lsa bemalol. Biroq ayollar futbolini ommaviy rivojlantirib, bora-bora uning oldiga talablar qo’yadigan ahvolga kelib qolishimiz hozir menga g’alati ko’rinayapti. Bizning erkaklar futboliga bo’lgan talablarimiz yildan-yildan o’sib borayotganini payqash qiyin emas. Bir kun kelib bu ayollar futboliga ham ko’chib o’tishini kim qanday hazm qiladi? 11ta qizni yugurtirib natija talab qilish rosa qiziq bo’lsa kerak. Ayollar sporti qiziqish, ko’ngil ochish vajidan bo’lsa uni qabul qilish mumkin, ayrim qiziquvchilari uchun. Biroq futbol, kurash, tosh ko’tarish va umuman erkaklarga xos sport turlarida ayollarning ommaviy ishtiroki har qancha urinmay menga g’alati ko’rinaveradi.

Shu o’rinda ayollarning futbolga bo’lgan mehrini juda-juda qadrlayman. Bu borada ular rosmana kuch. Futbolchilar uchun ular haqiqiy motivatsiya vazifasini o’tab beradi. Ayollarning futbolga bo’lgan qiziqishi yangi-yangi Messilarning kamol topishida juda muhim rol o’ynaydi. Men ayollar futboliga ham qarshi emasman. Ular bemalol to’p tepishlari mumkin ;-) Biroq ayni vaqtda meni ko’proq erkaklar futboli tashvishga soladi... tushuning, hozir bizga eng yaxshi ayollar futbol terma jamoasidan ko’ra kuchli milliy terma jamoa muhimroq, kuchli futbol liga zarurroq. Shu o’rinda O’zbekiston nomini dunyoga tanitayotgan futbolchi qizlarimizdan ming bor uzr so’rayman. Men sizlarni yaxshi ko’raman va juda xurmat qilaman!