Поиск по этому блогу

27 ноября, 2012

Futbol teatr. Bizga senariysiz teatr kerak!

O’lay agar, maqolani qanday boshlashni bilmay qiynalib ketdim. Uning chiroyli chiqishi uchun bo’lgan harakatning kasri bu. Ayni vaqtda esa o’sha chiroy haqidagi bo’lmag’ur o’ydan voz kechdim. O’ylaganimni qog’ozga tushuraveraman, botini bilan mutlaqo ishim yo’q.

“Paxtakor” 4 yillik tanaffusdan keyin mamlakat chempionligini qo’lga kiritdi. Bu 100 yillik uchun qilingan ishmi yoki boshqa, ayni vaqtda mutlaqo ikkinchi masala. Fakt shuki, “Paxtakor” O’zbekistonning 9 karra chempioni. Intriga ham go’yoki yomon emas. Jamoa chempionligining so’nggi tur oldidan ham ma’lum emasligi bunga misol bo’ladi. Biroq...

...biz faqatgina shu intriga bilan cheklanib qolmasligimiz kerak, shunday emasmi? Boz ustiga intrigani kuchaytirish yo’li ko’rinib turgan bir paytda. E’tibor bering, bizning Oliy liga klublarimiz bir mavsumda chempionat doirasida 26ta o’yin o’tkazishadi. Yevropaning kuchli beshlik milliy chempionatlarida esa bu ko’rsatkich 34-38tani tashkil qiladi. Futbolchilarning xalqaro maydon, mamlakat kubogi va terma jamoadagi o’yinlarini ham qo’shib hisoblasak Yevropada to’p surayotgan futbolchilar biznikilardan sal kam ikki barobar ko’proq maydonga chiqishadi. Jismoniy kuch borasidagi nomutanosiblikka bu katta ta’sir ko’rsatmay qolmaydi.

To’g’ri, Yevropa qit’asi Osiyodan ancha kichik va bu milliy chempioat o’yinlari orasiga bemalol xalqaro musobaqalarni qo’shish imkonini beradi. Osiyoda esa taqvimni tig’iz qilishning imkoni yo’q. Avstraliya klublari O’zbekistonga kelib ketishi yoki shuning aksi bo’lishi uchun eng kamida 5-6 kun kerak bo’ladi. Bu nafaqat taqvimdagi tig’izlikni ko’tarmaydi, balki futbolchilarning jismoniy holatiga ham nisbatan salbiy ta’sir ko’rsatadi.

Biroq xalqaro maydonda O’zbekistonning ko’pi bilan 4ta klubi to’p surishi mumkin. Qolgan 10ta klub esa butun bir yil davomida 26ta o’yin bilan cheklanadi. Mazkur 10ta klubning katta ehtimol bilan mamlakat kubogi yarim finaliga yetib kela olmasligini inobatga olsak, hech qanday terma jamoada to’p surmaydigan Oliy liga futbolchisi nari borsa 1 yilda 30ta o’yinda maydonga tushadi. Tabiiyki, murabbiy ham yo shu 30ta o’yinga yetadigan jismoniy zo’riqish bilan cheklanadi, yoki bo’lmasa o’rtada yuzaga keladigan katta tanaffuslar sabab shogirdlarini bo’lajak o’yinga o’zi xohlagan formada tayyorlay olmaydi.

Mantiqan olib qaraganda Oliy ligadagi jamoalar sonini yana 2taga oshirish mumkin. Biroq bu bilan hech nima o’zgarmaydi. Bor yo’g’i oddiy klublar yana 4ta ko’proq o’yinda maydonga tushadi, xolos. Yana bir muhim tomoni borki, O’zbekistonda Oliy liga talabiga javob beradigan 16ta klubning o’zi yo’q!

Qoidasi bo’yicha kelasi yili Oliy ligada “So’g’diyona” va “Guliston” klublari to’p surishi kerak. Sirdaryo viloyati klubi bir yil avval ham elitaga qadam qo’ygan va mardonavorlik bilan Oliy ligada o’ynay olmasligini tan olgan. Bir yil ichida klubda qandaydir katta o’zgarish bo’lganiga ishonmayman. Agar men sezmay qolgan o’zgarish yuz berib, “Guliston” o’z oldiga jiddiy maqsad qo’ygan ersa ham, bu maqsad kamida yana 2 yil turib berishiga hech kim kafolat bera olmaydi. Quyi ligada 3-4 o’rinlarni qo’lga kiritgan jamoalar esa haqiqiy 1-liga vakillari. Ularda qachondir Oliy ligaga chiqish maqsadi bo’lganiga men ishonayman.

Oliy liga klublari sonini 16taga yetkazish chempionat intrigasini yanada tushirib bersa ajab emas. Bu bilan kelishilgan o’yinlar soni yanada ortishi mumkin xolos. Chempionatning qaymog’i esa so’zsiz markaziy o’yinlardir. Liderlarning o’zaro to’qnashuvlaridagi natija eng muhim faktorligini saqlab qolishi kerak. Masalan Angliya yoki Ispaniya milliy chempionatlari bu fikrga ters ko’rinish olishi mumkin. Ya’ni “Real” har ikki o’yinda ham “Barsa”ni yengib (yoki aksincha) chempion bo’la olmasligi katta extimol. Biroq Ispaniya chempioni El-klassikodan boshqa o’yinaridagi ochkolarini nisbatan halol qo’lga kiritadi. Bu yerda qaysidir o’yin sotilgani haqidagi yoqimsiz xabar eshitish juda qiyin masala.

Bizda esa bu katta ehtimol ekanini hech kim inkor qila olmaydi. Muxlislarda aniq fakt bo’lmasada, ular kelishilgan o’yinlar borligidan xabardor holda chempionatni kuzatishda davom etishadi. Bu esa o’zini o’zi aldashdan boshqa narsa emas. Mazkur holat muxlis manfaatlarini oyoq osti qilish bilan barobar. Zero chempionlik kimningdir kabineti yoki yaxshiroq savdolashgani bilan emas, balki maydonda hal qilinishi lozim. 
Men qaysidir o’yin kelishilgani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasman. Biroq o’tkazilgan 182ta o’yinning barchasini halol deydigan kishi topilsa aniqki uni ahmoqqa chiqaraman.

Men yuqorida markaziy o’yinlarga alohida e’tibor qaratib o’tdim. Bu bejizga emas albatta. Markaziy o’yinlarga bo’lgan qiziqish ancha katta va aynan shu o’yinlar sabab chempionat o’z obro’sini amal-taqal saqlab turadi. Biroq ularning qanday vaqtga to’g’ri kelishi ham e’tibordan chetda qolishi kerak emas. Oddiy misol, Toshkentning “Lokomotiv” klubi dastlabki 6ta turdayoq milliy chempionatni dastlabki 6talikda yakunlagan klublar bilan to’qnash keldi. Jamoa yangi shakllanayotgani uchun ham mavsumni oltilikda yakunlagan besh klub bilan dastlabki 6ta turda 12 ochko yo’qotib ulgurdi. Vaholanki “temiryo’lchilar” ikkinchi davraning 3ta markaziy o’yinida 2ta va undan ko’p gol farqi bilan zafar quchishdi.

Birinchi davraning markaziy o’yinlarida nisbatan ko’proq ochko jamg’argan “Bunyodkor”, “Nasaf”, “Sho’rtan” va “Neftchi” klublari ikkinchi davraning markaziy o’yinlarini birinchisi kabi ko’tarinki ruhda o’tkaza olishmadi. “Bunyodkor”ning terma jamoaga nomzod futbolchilari bir emas 4ta frontda kurash olib borishayotgandi. Bundan tashqari jamoaning OCHLda sharqiy mintaqaga tushib qolgani ham klub ishlarini ancha qiyinlashtirdi. Masalan 20-mart kuni Janubiy Koreyada “Poxang Stilerz” bilan qiyin o’yin o’tkazgan klub, olti kun o’tib Zarafshonda 2 ochko yo’qotdi. Sir emaski, 20-mart kuni Toshkentda “Baniyas”ni qabul qilgan “Paxtakor” futbolchilari ham oradan 4 kun o’tib o’z maydonlarida “Olmaliq” qarshiligini sindira olishmagandi. Umuman ikki frontda kurash olib borish zahirasi u qadar kuchli bo’lmagan klublarimizga ancha qimmatga tushdi. Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichi yakuniga qadar “Bunyodkor” va “Nasaf” 7, “Paxtakor” esa 9 ochkoning bahridan kechib qo’ya qolishdi.

Qo’shimchasiga “Bunyodkor” bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov 4-iyun kuni milliy terma jamoani qabul qilib oldi. 11-sentyabr kuni O’zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda Janubiy Koreyaga qarshi JCH-2014 saralashi doirasida o’yin o’tkazdi. Mazkur uchrashuvda jamoaning 4 nafar asosiy tarkib futbolchisi harakat qildi. Oradan ikki kun o’tib esa “qaldirg’ochlar” Olmaliqda mag’lub bo’lishdi. Ikkinchi davrada xalqaro maydondan “qutulgan” “Paxtakor” esa bor e’tiborini milliy chempionatga qaratdi va buning samarasi o’laroq to’rt yillik tanaffusdan keyin o’zining to’qqizinchi chempionligini qo’lga kiritdi. Birinchi davradagi 5ta markaziy o’yindan jami 2 ochko jamg’argan klub, ikinchi davrada bu 5ta o’yin orqali 11 ochko egasiga aylandi.

Qarshining “Nasaf” klubi esa murabbiy almashtirishda xatoga yo’l qo’ydi. Ro’ziqul Berdiyev boshqaruvida “Nasaf” 10ta markaziy o’yinning 4tasini o’tkazgan va 7 ochoga ega chiqqandi. Usmon Toshev esa 6ta markaziy o’yinda 6 ochkoni qo’lga kiritdi. Solishtirish uchun Roberto Manchinini misol qilib olish mumkin. “Manchester Siti” chempionlar ligasining dastlabki mavsumida hech narsa qila olmadi, biroq Premyer-ligada natija ko’rsatdi. Uning shogirdlari chempionlar ligasining ikkinchi mavsumida ham guruhda qolib ketishdi, biroq murabbiy almashtirilmadi. “Nasaf” esa chempionlar ligasi debyutanti bo’lishiga qaramay murabbiyga javob berib yubordi. Vaholanki Ro’ziqul Berdiyev jamoani topshirayotgan bir vaqtda Qarshi klubi Oliy ligada karvonboshilik qilayotgandi.

Yuqorida Oliy liga klublari juda kam maydonga tushayotgani haqida fikr bildirib o’tdik. Bunday vaqtda esa klub o’yinini shakllantirish xalqaro maydondan chetda qoladigan klub bosh murabbiylariga juda qiyindir. E’tibor bering, Yuriy Sarkisyan, Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin va Rustam Mirsodiqovni hisobga olmaganda, qolgan 10ta klub bosh murabbiylari o’z lavozimiga tayinlanganiga (yoki qayta tayinlangan) 1 yil ham bo’lmagan! Bunday ahvol bilan esa jamoaning o’yin uslubi bo’lishi mumkin emas!

Ikkinchi o’rinda jamoalarning bir nechta frontda kurash olib borishi qiyin ekaniga ham e’tibor qaratildi. Bu tabiiy hol. Biroq Yevropaning top klublari bunday muammoga doimo duch kelgani sabab, buni muammo deb bilishdan ko’ra zahirani kuchaytirish haqida bosh qotirishadi. Zahirasi kuchli bo’lgan klublar o’z yo’lida bemalol davom etadi. Oddiy misol, chempionatni juda kuchli boshlagan “Chelsi” bosh murabbiyi Roberto Di Matteo zahirasi nisbatan qashshoqligi sabab o’rtada qiynalib qoldi. Demak bu holat klubning o’zigagina bog’liq. “Paxtakor” kabi faqat Oliy ligaga e’tibor qaratib mamlakat chempioni bo’lish ham, “Bunyodkor” kabi barcha frontga birdek kuch berib, yakunda toliqish ham mumkin. Bu holat klub belgilab olgan siyosatga bog’liq. Masalan Mirjalol Qosimov uncha kuchli bo’lmagan tarkib bilan ham OCHL yarim finaliga qadar yetib bora oldi. Biroq yakunda ikki narsa: tarkib va jismoniy holat final uchun kamlik qildi. Ya’ni, “Bunyodkor”ning finalga chiqa olmaganidan hafa bo’lishimiz emas, jamoa o’z imkoniyatidan yuqori sakray olgani uchun xursand bo’lishimiz obyektivroqdir.

Endi uchinchi masalaga e’tibor qaratamiz. Oliy ligada “QPR” yoki shunga o’xshash mo’jiza ko’rsata oladigan klubning o’zi yo’q. Bor bo’lsa ham bu klub manfaatlariga mos tushmasligi katta extimol. Angliya Premyer-ligasining so’nggi mavsumini eslang. Edin Jeko va Serxio Agueroning asosiy vaqtdan keyin urgan 2ta(!) gollari “Manchester Siti”ga katta tanaffusdan keyin chempionlik tortiq qildi. O’zbekiston Oliy ligasida esa “Olmaliq” va “Buxoro” “QPR” rolini o’ynay olishmadi. “Olmaliq” 2-turda “Paxtakor”dan 1 ochko bilan qaytishi, 19-turda “Bunyodkor”ni 3 ochkodan mahrum qilishi mumkin. Biroq so’nggi turlar oldidan klubning Oliy ligada qolishi aniq bo’lib ulgurgan bo’lsa, o’yinni sotmagan taqdirida ham bor kuchi bilan harakat qilmaydi. Angliyada esa Premyer-ligada qo’lga kiritilgan ochko uchun yaxshigina pul to’lanadi. Afsuski, O’zPFL moliyaviy tomondan jamoalarni qo’llay olmaydi. Aksincha, Oliy liga klublarining badal pullari evaziga faoliyat yuritadi. Tashkilotning rasmiy homiysi yo’q. Demak “Olmaliq” yoki “Buxoro” qo’lga kiritadigan ochkosi bilan hech narsa yuta olmaydi. Ikkinchi jihat esa bizda juda kam sodir bo’ladi. Tasavvur qiling, “Paxtakor”ga chempionlik uchun, “Olmaliq” va “Buxoro”ga Oliy ligada jon saqlab qolish uchun 3 ochko juda zarur. Angliyada bu haqiqiy intrigaga sabab bo’ladi. Bizda esa “Buxoro” bir safar Oliy ligada sun’iy ravishda qoldirilgan, “Olmaliq” esa 1-ligada 11-o’rinni egallab ham Oliy ligaga qo’shila olgan. Demak, intriga yo’qqa chiqadi.

Intrigasi bor chempionat nimanidir o’zgartirishi mumkinmi degan savol tug’iladi. Katta extimollik nazariyasi bilan “ha” deb javob berish mumkin. Fikrim asosli bo’lishi uchun yangicha turnir jadvali tuzib chiqamiz. Unda Oliy ligada dastlabki 6ta o’rinni egallagan klublar va faqatgina ularning o’zaro o’yinlarda qayd etgan natijalarigina aks etadi:

Bunyodkor          10           5              4              1              13:7        19
Lokomotiv           10           3              4              3              15:11     13
Paxtakor              10           3              4              3              11:11     13
Nasaf                   10           3              4              3              7:9          13
Sho’rtan               10           3              2              5              12:16     11
Neftchi                 10           2              4              4              10:14     10

Bu intrigasi bor va muxlislarning katta qiziqishiga sabab bo’lgan o’yinlardan keyingi jadval ko’rinishi. Shu o’rinda bir narsani iltimos qilaman, maqolaning asl mazmun-mohiyatini jamoalarning hozirgi holati haqqoniy emas qabilida tushunmang! Yuqorida ta’kidlaganim kabi men qaysidir o’yin kelishilgani haqida hech qanday m’lumotga ega emasman va men “Paxtakor”ning chempionligini tan olib bo’lganman. Zero tarixda faqatgina natija qoladi.

Maqolaning asl mazmun mohiyati esa Oliy liga o’yinlaridagi intrigani yanada kuchaytirish, o’yinlar sonini, ayniqsa markaziy o’yinlar sonini ko’paytirish, kelishilgan o’yinlar sonini nisbatan kamaytirish, xalqaro maydonda kurash olib boradigan klublar zahirasini kuchaytirish, xalqaro maydondan chetda qolayotgan klublarga ham o’yin shakllantirish imonini berish bilan bog’liqdir.

Bugun dunyoning ko’plab mamlakatlari o’z chempionlarini ikki tizimli chempionat orqali aniqlashadi. Masalan Qozog’iston, Gollandiya, Rossiya... Rossiya Premyer-ligasini bahor-kuz tizimidan kuz-bahor tizimiga o’tkazish vaqtida aynan mana shu tizimdan foydalanildi va bu muxlislarning katta qiziqishiga sabab bo’ldi.

OFK o’z tasaruffidagi mamlakat milliy chempionatlarida eng kamida 10ta klub to’p surishi kerakligini belgilab qo’ygan. Masalan Avstraliyada jamoalar soni 10tani tashkil qiladi. Faqatgina shularning 9tasi Avstraliya klubi ekani sabab(1tasi Yagi Zellandiyaga tegishli) OFK bu holatga o’z e’tiborini qaratib turadi. Qatar Yulduzlar-ligasida esa jamoalar soni 12tani tashkil qiladi. Ammo bu holat Qatarning OFKoldidagi obro’si oshib borishiga to’sqinlik qila olmaydi. Demak O’zbekiston ham Oliy liga klublarini 14tadan 12taga qisqartirishi mumkin.

Birinchidan, O’zbekistonda Oliy liga talabiga javob beradigan 16ta klub yo’q. Oliy liga talabiga javob beradigan barcha 14ta klubning 1ta ligada ishtirok etishi esa kelasi mavsum 1-ligadan Oliy liga talabidagi klub yetishib chiqmasligidan dalolat. Har safar “Buxoro”, “Qizilqum” yoki “Mash’al” va “Andijon”ning elitada sun’iy ravishda olib qolinishi esa chempionat obro’siga juda katta zarar yetkazadi. Yanada aniqroq aytganda, mavjud tizim bir pul bo’lib, unga amal qilinmaydigan holat odat tusiga kirib qoladi.

Shunday ekan, O’bekistonda ham ikki tizimli chempionatni joriy qilish masalasini ko’rib chiqish mumkin. Buning uchun hozirdanoq bir to’xtamga kelish lozim. Faqatgina shunda 2014-yilgi mavsumdan boshlab yangi sistemali chempionat o’z ishini boshlashi mumkin. Bunda Oliy liganing 12ta klubi avgustga qadar ikki davrada o’zi kuch sinashadi. Sentabrdan boshlab esa kuchli oltilikka kirgan jamoalar alohida, qolgan olti klub esa alohida zonaga bo’linadi. Dastlabki oltilik chempionlik uchun, quyi oltilik esa birinchi ligaga tushib ketmaslik uchun kurash olib boradi.

Bu bilan intriga ikki karra oshishi mumkin. Birinchidan, o’yinlarni sotishi mumkin bo’lgan va xalqaro maydonda o’ynash maqsadi bo’lmagan jamolar o’z-o’zidan ikkinchi guruhga tushib qoladi va kuchli oltilikning chempionlik uchun kurashiga mutlaqo aralasha olmaydi.

Ikkinchidan, “Paxtakor” chempionlik masalasini “Olmaliq” yoki “Buxoro” bilan o’yinlarda emas, “Bunyodkor” yoki “Lokomotiv” maydonida hal qilishiga to’g’ri keladi. Bunda esa chempionlik yuki ikki barobar oshadi.

Uchinchidan, Oliy ligadagi o’yinlar soni 26tani emas, balki emas 32tani tashkil qiladi. Bu bilan chempionat o’yinlariga fayz kiribgina qolmay, futbolchilarda o’yin amaliyoti ikki o’yin orasida saqlanib turadi.

To’rtinchidan, xalqaro maydonda ishtirok etayotgan klublarimiz yil boshidan xalqaro maydonga katta e’tibor qaratish imkoniyatiga ega bo’lishadi. Ya’ni dastlabki turlarda yo’qotilgan ochkolar keyinchalik chempionlik masalasiga rahna solmaydi. Jamoalar yil boshidanoq 1-o’rinda borishni emas, kuchli oltilikka kirib olish haqida bosh qotirishadi, Yo’qotilgan ochkolar kechirimli bo’ladi.
Sentabrdan boshlab esa chempionatning qaymog’i boshlanadi. Olti klubning barchasida o’yin amaliyoti yetarli, futbolchilar jangga shay holda chempionlik uchun kurashni boshlashadi. Sentabrdan boshlab barcha o’yinlar markaziy maqomiga ega bo’ladi. Bu bilan muxlislar bir yilning o’zida ikkita chempionatga guvoh bo’lishadi. Biri saralanish, ikkinchisi esa chempionlik kurashi.
***
Tanlov har kimning o’ziga havola. 10ta boshda 10ta fikr bor ekanini inkor eta olmayman. Taklif qilingan chempionat kamchiliklardan holi emasligini isbotlab berishlari va meni mot qila olishlariga ham ishonaman. Insonlar kabi fikrlar ham ideal bo’la olmaydi. Agar kimdir yuqoridagi fikrlarga qo’shilsa, retweet qilishi, qo’shilmasa o’z fikrini yozib qoldirishi mumkin. Bu qancha tez bo’lsa, shuncha yaxshi. Bu masala qancha yuqoriga ko’tarilsa yanada yaxshi. Zero PFL yaqin orada kelasi yil uchun qarorini e’lon qiladi. Men esa o’yin natijlarini tahmin qilish mumkin bo’lgan va jamoalari muxlisdan ko’ra cho’ntagini o’ylaydigan chempionatdan ochiqchasiga nafratlanaman. Men bilan nafratdosh ekaningizga umid qilaman ;-)    

05 ноября, 2012

Illat izlaganga illatdir dunyo...

Sarlavha haddan tashqari jimjimador bo’lib ko’rinishi mumkin. Balki siz meni oshirib yuborganlikda ayblarsiz. Biroq hozir gap bu xususda emas.

Men qaysidir gazeta yoki saytda chiqish qilayotganim yo’q. Istamaydiganlar qayrilib boqmasa ham bo’ladigan bir joydan turib o’z fikrimni uzuq-yuluq bildiraman. Ammo fikrlarimda sobitman va umid qilamanki yaqin orada ularga o’zgartirish kiritadigan darajada kuchli haqiqatga duch kelmayman.

Fikrlar qarama-qarshiligida o’z haqiqatimni qattiq himoya qilaman. Suhbatdoshim mantiqdan uzoqlashganida esa fanatizmdan nafratlanishimni aytib qo’l siltab qo’ya qolaman.

“Manchester Yunayted”ni juda xurmat qilaman. “Qizil iblislar” finalda “Barselona”dan yengilsa faryod chekmayman! “Chelsi” bilan o’yinda hakam “MU” foydasiga xato qaror chiqarsa, uning xato ekanini aytishdan uyalmayman! Chunki men fanat emasman, shunchaki “Yunayted”ga xurmatim juda cheksiz, xolos.
Ser Aleks Fergyusson “Arsenal”ga qarshi o’yin oldidan Van Persiga alohida e’tibor qaratdi. Londonlik muxlislarning ovozi “Old-Trafford”da sezilmay ham qolishini bilsada, Persiga ruhiy madad bo’lishga intildi: “Umid qilamanki, “Arsenal” muxlislari Van Persini qarshi olishda “Yunayted” muxlislaridan o’rnak olishadi!” Yuqoridagi 4ta xat boshidan o’zim ham aniq ma’no uqa olmayman, biroq ayni paytda Fergining mazkur gaplari sabab jajji tugmachalarni bosayapman. Bugun aytmoqchi bo’lganlarimning barchasi shu birgina shu chiqish atrofida bo’ladi. SAFning shu birgina jumlasi butun bir maqolaga aylanadi.

“Yunayted” qandaydir yulduz sotib olishdan ko’ra ko’proq, yulduz yetishtirishi bilan mashhurdir. Zero Van Persi singari pishib yetilgan futbolchi har doim ham “Yunayted” libosini kiyavermaydi. Ammo “Yunayted” safida pishgan ko’pgina mashhurlar keyinchalik boshqa klubni afzal bilishdi. Wikipedia yoki xotirani varaqlash shart emas, Bekhem va Ronalduni eslash kifoya.

Biroq “Old-Trafford” o’y suyuklilarini hech qachon sovuq qarshi olmaydi. Ularning jamoaga bir vaqtlar singgan mehnati va bo’lakcha mehrini butun umr qadrlaydi, avaylaydi, olqishlaydi. 2010-yil Bekhem va nihoyat “Milan” safida “Old-Trafford”ga qadam qo’ydi. Bir vaqtlar “Real” taklif qilgan millionlar sabab qizil libosni oqiga almashtirgan Bekhemni “Old-Trafforf” tik turib qarshi oldi. Garchi Beks sobiq jamoasiga qarshi o’ynashi kerak bo’lsada, “Old-Trafford” buni hazm qilishga o’zida kuch topdi va zahiradan maydonga tushganidan boshlab to o’yin yakuniga qadar Bekhemni qo’llab-quvvatladi. O’yindan so’ng ko’zidagi yoshini tiyib tura olmagan Beks muxlislarga minnatdorchiligini juda ajoyib tarzda izhor qildi: manchesterliklar shioriga aylanib bo’lgan “Love United, hate Glazer” so’zlari yozilgan sharfni bo’yniga osib, stadionni bir marta aylanib chiqdi.

Ha, “Yunayted” muxlislari yaxshi bilishadi, Bekhem “qizil iblislar”dan keyin 10ta “Real”da o’ynasa ham baribir “Yunayted”ni unuta olmaydi. Madridni Los-Anjelsga, Los-Anjelesni Milanga almashtirsa ham Manchesterni qo’msayveradi. O’z navbatida “Yunayted” muxlislari ham Beksning jamoaga singgan mehnatini hech qachon unutishmaydi.

Balki shuning uchundir, Ronaldu “Real”ning “Yunayted” bilan to’qnash kelishini orziqib kutadi va buni aytishdan charchamaydi. Aynan shuning uchun ham olqishlardan kam joyi yo’q bo’lgan yulduz “Old-Trafford” iltifotini sog’inadi. Ronaldu “Old-Trafford”da “Manchester Yunayted” darvozasini-da ishg’ol qilishi mumkin. Biroq men aminmanki, “MU” safida “Sporting”ga gol urib portugal muxlislardan uzr so’ragan Ronaldu, “Old-Trafford”da ham shunday yo’l tuta oladi. O’z navbatida suyukli futbolchisining golidan aziyat chekkan “Old-Trafford” ham uni tik turib olqishlaydi.

Premyer-liganing qolgan klublariga bo’lgan xurmatim ham oz emas. Biroqning ularning ko’pida “Old-Trafford”dagi mardlikni ko’rish qiyin. 16 yoshida “Everton”ni “Yunayted”ga almashtirgan Runini “Everton” muxlislari hali ham kechira olishmaydi. Vaholanki bolakay RUNI bo’lishi uchun “Everton” emas, qandaydir top klubni tanlashi lozim edi va u “Yunayted”ni afzal bildi. “MU” akademiyasidan chiqib, “QPR” safida o’zini ko’rsata boshlagan Kris Igelsni esa ikki mavsum avval “Old-Trafford” qarsaklar bilan kutib olgandi.
Duayd York “Yunayted”dan keyin “Blekbern”, “Birmengem” kabi jamoalarda to’p surdi. U “Old-Traffor”ga qo’rqib emas, yorug’ yuz va katta sog’inch bilan kirib kelardi. “Old-Trafford”ning olqishi ostida Fergyusson uni bag’riga bosib ko’rishrdi.

Endi Koul “United”ning ashaddiy raqibi “Siti” safida o’ynaganida ham “qizillar” uning uchun uvullashmagan. Teddi Sheringem “Tottenxem”ni “MU”ga almashtirganida “Uart Xart Leyn” uni qanchalik sovuq qarshi olgan bo’lsa, Manchesterdan keyin yana “Tottenxem”ga qaytgan Sheringemni “Old-Trafford” baribir yaxshi ko’rardi.

Yuqoridagi gaplarni bir klubning yaxshi odati sifatida qarshi olishingizdan umidim bor. Men bu gaplarim bilan sizning klubingizni yerga urmadim, men faqat “United”ga xurmatimni bildirib qo’ydim, xolos. Zero maqtash bilan yomonlashning katta farqi bor.

Ha, “Chelsi” o’sha kuni mag’lubiyatga loyiq emasdi. Biroq “MU” g’alaba qozondi. Hakamning 2ta xatosi “Chelsi” uchun qimmatga tushdi. Ammo buning to’lovi “MU”ga qolishi kerak emas. Hakamlik uchun klub yoki murabbiy emas, hakamning o’zi javob beradi. “Yunayted” futbolchilari simulyatsiyaga intilishmadi, “Yunayted” futbolchilari 2ta haqqoniy gol urishdi. Qolgani hakamning vijdoniga havola. Zero o’sha oqshom referi “Chelsi” foydasiga adashganida “aristokratlar” ham o’yindan tashqari holat bor edi deb turib olishmasdi. Qolaversa jahon futboli tarixida ro’y bergan o’ta qo’pol xatoliklar oldida bu hech narsa emas. Maradona Angliyani, Anri Irlandiyani qo’li bilan dog’da qoldirgan vaziyatlarni ham yaxshi bilasiz. O’sha oqshom “MU” “Chelsi”dan kuchli emasdi, huddi “Chelsi” ham “MU”dan kuchli bo’lmagani kabi. Hammasiga “Old-Trafford”dagi takroriy o’yin oydinlik kiritib beradi, ungacha esa “Yunayted”ni tinch qo’ying! Tushuning, hech bir klub o’yinga hakamning yordamidan umiq qilib tushmaydi, gap ayniqsa Premyer-liga haqida borayotgan bo’lsa! “MU” hech qachon “Stemford-Bridj”da g’alaba qozona olmaydi degan xavfli bashoratdan tiyiling, zero bu kabi hodisa tarixda allaqachon bo’lib ulgurgan va uning yana takrorlanmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. “Chelsi” haqiqatdan ham jabrdiyda edi, “Chelsi” haqiqatdan ham nohaq mag’lub bo’ldi, men ham bunday g’alabadan ko’ra durangni afzal bilardim, rost! Bu haqda xohlagancha fikr bildiring, biroq “MU” chegarasiga kira ko’rmang. Zero hakamning aybi uchun klub javob bermaydi! “United” muxlisi sifatida menga o’sha g’alaba tatimaydi, zero men “qizil iblislar”ning hakam yordamiz yuta olishlariga ishonaman. E’tibor bering, men gapimga javob bermayman, ishonaman. Chunki ohirida “yeb” qo’yishdan qo’rqaman. Hech qachon hech qachon demayman. Siz kabi “Chelsi”ning singganiga men ham achinaman. Haqiqiy mard singgan raqibni yenggani bilan emas, halol g’alabasi bilan maqtanadi, shunday emasmi?

Men fanatizmni yomon ko’raman. O’z klubini maqtash uchun boshqa klubni yerga uradiganlarni mutlaqo yoqtirmayman. Ronaldu bilan Messidan birini tanlab, ikkinchisini puf sassiq demayman. Figo “Barselona”ga surbetlik qilganini tan olaman. Ibragimovichni qo’nimsizlikda ayblayman. “Chelsi” nohaq mag’lub bo’lsa “zato yuta olmadi-ku” deb oson qutulib, bayram qilmayman. Chunki men obyektiv va mantiqiy fikrni qadrlayman. Qaysidir jamoani yerga urmayman, men uchun “Real” ham, “Barselona” ham, “Inter” yoki “MU” ham buyuk, Messi va Ronaldu-da buyuk. Figoni ayblasam ham, uning “Barselona”dagi xizmatlarini qadrlayman, unuta olmayman. “MU” “Chelsi”dan hakam deb yengilsa hakamdan noliyman, “Chelsi”dan emas!

P.S. Maqola sarlavhasini “Yunayted”ni tinch qo’ying” deb o’zgartirishingiz mumkin. Nima bilan boshlab, nima bilan tugatganimni ham bilmayman. Ammo ichimdagilarni eta olganimdan xursandman...

Ha, aytgancha, “Arsenal”ga gol urgan Van Persi uni berilib nishonlamadi. Vaholanki qachonlardir “Arsenal”ga gol urgan Adebayorni londonlik muxlislar kabi o’ldirib qo’ygim kelgandi...