“Paxtakor” 4 yillik tanaffusdan keyin mamlakat
chempionligini qo’lga kiritdi. Bu 100 yillik uchun qilingan ishmi yoki boshqa,
ayni vaqtda mutlaqo ikkinchi masala. Fakt shuki, “Paxtakor” O’zbekistonning 9
karra chempioni. Intriga ham go’yoki yomon emas. Jamoa chempionligining so’nggi
tur oldidan ham ma’lum emasligi bunga misol bo’ladi. Biroq...
...biz faqatgina shu intriga bilan cheklanib qolmasligimiz
kerak, shunday emasmi? Boz ustiga intrigani kuchaytirish yo’li ko’rinib turgan
bir paytda. E’tibor bering, bizning Oliy liga klublarimiz bir mavsumda
chempionat doirasida 26ta o’yin o’tkazishadi. Yevropaning kuchli beshlik milliy
chempionatlarida esa bu ko’rsatkich 34-38tani tashkil qiladi. Futbolchilarning
xalqaro maydon, mamlakat kubogi va terma jamoadagi o’yinlarini ham qo’shib
hisoblasak Yevropada to’p surayotgan futbolchilar biznikilardan sal kam ikki
barobar ko’proq maydonga chiqishadi. Jismoniy kuch borasidagi nomutanosiblikka
bu katta ta’sir ko’rsatmay qolmaydi.
To’g’ri, Yevropa qit’asi Osiyodan ancha kichik va bu milliy
chempioat o’yinlari orasiga bemalol xalqaro musobaqalarni qo’shish imkonini
beradi. Osiyoda esa taqvimni tig’iz qilishning imkoni yo’q. Avstraliya klublari
O’zbekistonga kelib ketishi yoki shuning aksi bo’lishi uchun eng kamida 5-6 kun
kerak bo’ladi. Bu nafaqat taqvimdagi tig’izlikni ko’tarmaydi, balki
futbolchilarning jismoniy holatiga ham nisbatan salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Biroq xalqaro maydonda O’zbekistonning ko’pi bilan 4ta klubi
to’p surishi mumkin. Qolgan 10ta klub esa butun bir yil davomida 26ta o’yin
bilan cheklanadi. Mazkur 10ta klubning katta ehtimol bilan mamlakat kubogi
yarim finaliga yetib kela olmasligini inobatga olsak, hech qanday terma jamoada
to’p surmaydigan Oliy liga futbolchisi nari borsa 1 yilda 30ta o’yinda maydonga
tushadi. Tabiiyki, murabbiy ham yo shu 30ta o’yinga yetadigan jismoniy
zo’riqish bilan cheklanadi, yoki bo’lmasa o’rtada yuzaga keladigan katta
tanaffuslar sabab shogirdlarini bo’lajak o’yinga o’zi xohlagan formada tayyorlay
olmaydi.
Mantiqan olib qaraganda Oliy ligadagi jamoalar sonini yana
2taga oshirish mumkin. Biroq bu bilan hech nima o’zgarmaydi. Bor yo’g’i oddiy
klublar yana 4ta ko’proq o’yinda maydonga tushadi, xolos. Yana bir muhim tomoni
borki, O’zbekistonda Oliy liga talabiga javob beradigan 16ta klubning o’zi
yo’q!
Qoidasi bo’yicha kelasi yili Oliy ligada “So’g’diyona” va
“Guliston” klublari to’p surishi kerak. Sirdaryo viloyati klubi bir yil avval
ham elitaga qadam qo’ygan va mardonavorlik bilan Oliy ligada o’ynay olmasligini
tan olgan. Bir yil ichida klubda qandaydir katta o’zgarish bo’lganiga
ishonmayman. Agar men sezmay qolgan o’zgarish yuz berib, “Guliston” o’z oldiga
jiddiy maqsad qo’ygan ersa ham, bu maqsad kamida yana 2 yil turib berishiga
hech kim kafolat bera olmaydi. Quyi ligada 3-4 o’rinlarni qo’lga kiritgan
jamoalar esa haqiqiy 1-liga vakillari. Ularda qachondir Oliy ligaga chiqish
maqsadi bo’lganiga men ishonayman.
Oliy liga klublari sonini 16taga yetkazish chempionat
intrigasini yanada tushirib bersa ajab emas. Bu bilan kelishilgan o’yinlar soni
yanada ortishi mumkin xolos. Chempionatning qaymog’i esa so’zsiz markaziy
o’yinlardir. Liderlarning o’zaro to’qnashuvlaridagi natija eng muhim
faktorligini saqlab qolishi kerak. Masalan Angliya yoki Ispaniya milliy chempionatlari
bu fikrga ters ko’rinish olishi mumkin. Ya’ni “Real” har ikki o’yinda ham
“Barsa”ni yengib (yoki aksincha) chempion bo’la olmasligi katta extimol. Biroq
Ispaniya chempioni El-klassikodan boshqa o’yinaridagi ochkolarini nisbatan
halol qo’lga kiritadi. Bu yerda qaysidir o’yin sotilgani haqidagi yoqimsiz
xabar eshitish juda qiyin masala.
Bizda esa bu katta ehtimol ekanini hech kim inkor qila
olmaydi. Muxlislarda aniq fakt bo’lmasada, ular kelishilgan o’yinlar borligidan
xabardor holda chempionatni kuzatishda davom etishadi. Bu esa o’zini o’zi
aldashdan boshqa narsa emas. Mazkur holat muxlis manfaatlarini oyoq osti qilish
bilan barobar. Zero chempionlik kimningdir kabineti yoki yaxshiroq
savdolashgani bilan emas, balki maydonda hal qilinishi lozim.
Men qaysidir
o’yin kelishilgani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasman. Biroq o’tkazilgan
182ta o’yinning barchasini halol deydigan kishi topilsa aniqki uni ahmoqqa
chiqaraman.
Men yuqorida markaziy o’yinlarga alohida e’tibor qaratib
o’tdim. Bu bejizga emas albatta. Markaziy o’yinlarga bo’lgan qiziqish ancha
katta va aynan shu o’yinlar sabab chempionat o’z obro’sini amal-taqal saqlab
turadi. Biroq ularning qanday vaqtga to’g’ri kelishi ham e’tibordan chetda
qolishi kerak emas. Oddiy misol, Toshkentning “Lokomotiv” klubi dastlabki 6ta
turdayoq milliy chempionatni dastlabki 6talikda yakunlagan klublar bilan to’qnash
keldi. Jamoa yangi shakllanayotgani uchun ham mavsumni oltilikda yakunlagan
besh klub bilan dastlabki 6ta turda 12 ochko yo’qotib ulgurdi. Vaholanki “temiryo’lchilar”
ikkinchi davraning 3ta markaziy o’yinida 2ta va undan ko’p gol farqi bilan
zafar quchishdi.
Birinchi davraning markaziy o’yinlarida nisbatan ko’proq
ochko jamg’argan “Bunyodkor”, “Nasaf”, “Sho’rtan” va “Neftchi” klublari ikkinchi
davraning markaziy o’yinlarini birinchisi kabi ko’tarinki ruhda o’tkaza
olishmadi. “Bunyodkor”ning terma jamoaga nomzod futbolchilari bir emas 4ta
frontda kurash olib borishayotgandi. Bundan tashqari jamoaning OCHLda sharqiy
mintaqaga tushib qolgani ham klub ishlarini ancha qiyinlashtirdi. Masalan 20-mart
kuni Janubiy Koreyada “Poxang Stilerz” bilan qiyin o’yin o’tkazgan klub, olti
kun o’tib Zarafshonda 2 ochko yo’qotdi. Sir emaski, 20-mart kuni Toshkentda “Baniyas”ni
qabul qilgan “Paxtakor” futbolchilari ham oradan 4 kun o’tib o’z maydonlarida “Olmaliq”
qarshiligini sindira olishmagandi. Umuman ikki frontda kurash olib borish
zahirasi u qadar kuchli bo’lmagan klublarimizga ancha qimmatga tushdi. Osiyo
chempionlar ligasi guruh bosqichi yakuniga qadar “Bunyodkor” va “Nasaf” 7, “Paxtakor”
esa 9 ochkoning bahridan kechib qo’ya qolishdi.
Qo’shimchasiga “Bunyodkor” bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov
4-iyun kuni milliy terma jamoani qabul qilib oldi. 11-sentyabr kuni O’zbekiston
milliy terma jamoasi Toshkentda Janubiy Koreyaga qarshi JCH-2014 saralashi
doirasida o’yin o’tkazdi. Mazkur uchrashuvda jamoaning 4 nafar asosiy tarkib
futbolchisi harakat qildi. Oradan ikki kun o’tib esa “qaldirg’ochlar” Olmaliqda
mag’lub bo’lishdi. Ikkinchi davrada xalqaro maydondan “qutulgan” “Paxtakor” esa
bor e’tiborini milliy chempionatga qaratdi va buning samarasi o’laroq to’rt
yillik tanaffusdan keyin o’zining to’qqizinchi chempionligini qo’lga kiritdi.
Birinchi davradagi 5ta markaziy o’yindan jami 2 ochko jamg’argan klub, ikinchi
davrada bu 5ta o’yin orqali 11 ochko egasiga aylandi.
Qarshining “Nasaf” klubi esa murabbiy almashtirishda xatoga
yo’l qo’ydi. Ro’ziqul Berdiyev boshqaruvida “Nasaf” 10ta markaziy o’yinning
4tasini o’tkazgan va 7 ochoga ega chiqqandi. Usmon Toshev esa 6ta markaziy o’yinda
6 ochkoni qo’lga kiritdi. Solishtirish uchun Roberto Manchinini misol qilib
olish mumkin. “Manchester Siti” chempionlar ligasining dastlabki mavsumida hech
narsa qila olmadi, biroq Premyer-ligada natija ko’rsatdi. Uning shogirdlari
chempionlar ligasining ikkinchi mavsumida ham guruhda qolib ketishdi, biroq
murabbiy almashtirilmadi. “Nasaf” esa chempionlar ligasi debyutanti bo’lishiga
qaramay murabbiyga javob berib yubordi. Vaholanki Ro’ziqul Berdiyev jamoani
topshirayotgan bir vaqtda Qarshi klubi Oliy ligada karvonboshilik qilayotgandi.
Yuqorida Oliy liga klublari juda kam maydonga tushayotgani
haqida fikr bildirib o’tdik. Bunday vaqtda esa klub o’yinini shakllantirish
xalqaro maydondan chetda qoladigan klub bosh murabbiylariga juda qiyindir. E’tibor
bering, Yuriy Sarkisyan, Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin va Rustam Mirsodiqovni
hisobga olmaganda, qolgan 10ta klub bosh murabbiylari o’z lavozimiga
tayinlanganiga (yoki qayta tayinlangan) 1 yil ham bo’lmagan! Bunday ahvol bilan
esa jamoaning o’yin uslubi bo’lishi mumkin emas!
Ikkinchi o’rinda jamoalarning bir nechta frontda kurash olib
borishi qiyin ekaniga ham e’tibor qaratildi. Bu tabiiy hol. Biroq Yevropaning
top klublari bunday muammoga doimo duch kelgani sabab, buni muammo deb
bilishdan ko’ra zahirani kuchaytirish haqida bosh qotirishadi. Zahirasi kuchli
bo’lgan klublar o’z yo’lida bemalol davom etadi. Oddiy misol, chempionatni juda
kuchli boshlagan “Chelsi” bosh murabbiyi Roberto Di Matteo zahirasi nisbatan
qashshoqligi sabab o’rtada qiynalib qoldi. Demak bu holat klubning o’zigagina
bog’liq. “Paxtakor” kabi faqat Oliy ligaga e’tibor qaratib mamlakat chempioni
bo’lish ham, “Bunyodkor” kabi barcha frontga birdek kuch berib, yakunda
toliqish ham mumkin. Bu holat klub belgilab olgan siyosatga bog’liq. Masalan
Mirjalol Qosimov uncha kuchli bo’lmagan tarkib bilan ham OCHL yarim finaliga
qadar yetib bora oldi. Biroq yakunda ikki narsa: tarkib va jismoniy holat final
uchun kamlik qildi. Ya’ni, “Bunyodkor”ning finalga chiqa olmaganidan hafa bo’lishimiz
emas, jamoa o’z imkoniyatidan yuqori sakray olgani uchun xursand bo’lishimiz
obyektivroqdir.
Endi uchinchi masalaga e’tibor qaratamiz. Oliy ligada “QPR”
yoki shunga o’xshash mo’jiza ko’rsata oladigan klubning o’zi yo’q. Bor bo’lsa
ham bu klub manfaatlariga mos tushmasligi katta extimol. Angliya
Premyer-ligasining so’nggi mavsumini eslang. Edin Jeko va Serxio Agueroning
asosiy vaqtdan keyin urgan 2ta(!) gollari “Manchester Siti”ga katta tanaffusdan
keyin chempionlik tortiq qildi. O’zbekiston Oliy ligasida esa “Olmaliq” va “Buxoro”
“QPR” rolini o’ynay olishmadi. “Olmaliq” 2-turda “Paxtakor”dan 1 ochko bilan
qaytishi, 19-turda “Bunyodkor”ni 3 ochkodan mahrum qilishi mumkin. Biroq so’nggi
turlar oldidan klubning Oliy ligada qolishi aniq bo’lib ulgurgan bo’lsa, o’yinni
sotmagan taqdirida ham bor kuchi bilan harakat qilmaydi. Angliyada esa
Premyer-ligada qo’lga kiritilgan ochko uchun yaxshigina pul to’lanadi. Afsuski,
O’zPFL moliyaviy tomondan jamoalarni qo’llay olmaydi. Aksincha, Oliy liga
klublarining badal pullari evaziga faoliyat yuritadi. Tashkilotning rasmiy
homiysi yo’q. Demak “Olmaliq” yoki “Buxoro” qo’lga kiritadigan ochkosi bilan
hech narsa yuta olmaydi. Ikkinchi jihat esa bizda juda kam sodir bo’ladi.
Tasavvur qiling, “Paxtakor”ga chempionlik uchun, “Olmaliq” va “Buxoro”ga Oliy
ligada jon saqlab qolish uchun 3 ochko juda zarur. Angliyada bu haqiqiy
intrigaga sabab bo’ladi. Bizda esa “Buxoro” bir safar Oliy ligada sun’iy
ravishda qoldirilgan, “Olmaliq” esa 1-ligada 11-o’rinni egallab ham Oliy ligaga
qo’shila olgan. Demak, intriga yo’qqa chiqadi.
Intrigasi bor chempionat nimanidir o’zgartirishi mumkinmi
degan savol tug’iladi. Katta extimollik nazariyasi bilan “ha” deb javob berish
mumkin. Fikrim asosli bo’lishi uchun yangicha turnir jadvali tuzib chiqamiz.
Unda Oliy ligada dastlabki 6ta o’rinni egallagan klublar va faqatgina ularning
o’zaro o’yinlarda qayd etgan natijalarigina aks etadi:
Bunyodkor 10 5 4 1 13:7 19
Lokomotiv 10 3 4 3 15:11 13
Paxtakor 10 3 4 3 11:11 13
Nasaf 10 3 4 3 7:9 13
Sho’rtan 10 3 2 5 12:16 11
Neftchi 10 2 4 4 10:14 10
Bu intrigasi bor va muxlislarning katta qiziqishiga sabab bo’lgan
o’yinlardan keyingi jadval ko’rinishi. Shu o’rinda bir narsani iltimos qilaman,
maqolaning asl mazmun-mohiyatini jamoalarning hozirgi holati haqqoniy emas qabilida
tushunmang! Yuqorida ta’kidlaganim kabi men qaysidir o’yin kelishilgani haqida
hech qanday m’lumotga ega emasman va men “Paxtakor”ning chempionligini tan olib
bo’lganman. Zero tarixda faqatgina natija qoladi.
Maqolaning asl mazmun mohiyati esa Oliy liga o’yinlaridagi
intrigani yanada kuchaytirish, o’yinlar sonini, ayniqsa markaziy o’yinlar
sonini ko’paytirish, kelishilgan o’yinlar sonini nisbatan kamaytirish, xalqaro
maydonda kurash olib boradigan klublar zahirasini kuchaytirish, xalqaro
maydondan chetda qolayotgan klublarga ham o’yin shakllantirish imonini berish
bilan bog’liqdir.
Bugun dunyoning ko’plab mamlakatlari o’z chempionlarini ikki
tizimli chempionat orqali aniqlashadi. Masalan Qozog’iston, Gollandiya,
Rossiya... Rossiya Premyer-ligasini bahor-kuz tizimidan kuz-bahor tizimiga o’tkazish
vaqtida aynan mana shu tizimdan foydalanildi va bu muxlislarning katta qiziqishiga
sabab bo’ldi.
OFK o’z tasaruffidagi mamlakat milliy chempionatlarida eng
kamida 10ta klub to’p surishi kerakligini belgilab qo’ygan. Masalan
Avstraliyada jamoalar soni 10tani tashkil qiladi. Faqatgina shularning 9tasi
Avstraliya klubi ekani sabab(1tasi Yagi Zellandiyaga tegishli) OFK bu holatga o’z
e’tiborini qaratib turadi. Qatar Yulduzlar-ligasida esa jamoalar soni 12tani
tashkil qiladi. Ammo bu holat Qatarning OFKoldidagi obro’si oshib borishiga to’sqinlik
qila olmaydi. Demak O’zbekiston ham Oliy liga klublarini 14tadan 12taga
qisqartirishi mumkin.
Birinchidan, O’zbekistonda Oliy liga talabiga javob
beradigan 16ta klub yo’q. Oliy liga talabiga javob beradigan barcha 14ta
klubning 1ta ligada ishtirok etishi esa kelasi mavsum 1-ligadan Oliy liga
talabidagi klub yetishib chiqmasligidan dalolat. Har safar “Buxoro”, “Qizilqum”
yoki “Mash’al” va “Andijon”ning elitada sun’iy ravishda olib qolinishi esa chempionat
obro’siga juda katta zarar yetkazadi. Yanada aniqroq aytganda, mavjud tizim bir
pul bo’lib, unga amal qilinmaydigan holat odat tusiga kirib qoladi.
Shunday ekan, O’bekistonda ham ikki tizimli chempionatni
joriy qilish masalasini ko’rib chiqish mumkin. Buning uchun hozirdanoq bir to’xtamga
kelish lozim. Faqatgina shunda 2014-yilgi mavsumdan boshlab yangi sistemali
chempionat o’z ishini boshlashi mumkin. Bunda Oliy liganing 12ta klubi avgustga
qadar ikki davrada o’zi kuch sinashadi. Sentabrdan boshlab esa kuchli oltilikka
kirgan jamoalar alohida, qolgan olti klub esa alohida zonaga bo’linadi.
Dastlabki oltilik chempionlik uchun, quyi oltilik esa birinchi ligaga tushib
ketmaslik uchun kurash olib boradi.
Bu bilan intriga ikki karra oshishi mumkin. Birinchidan, o’yinlarni
sotishi mumkin bo’lgan va xalqaro maydonda o’ynash maqsadi bo’lmagan jamolar o’z-o’zidan
ikkinchi guruhga tushib qoladi va kuchli oltilikning chempionlik uchun
kurashiga mutlaqo aralasha olmaydi.
Ikkinchidan, “Paxtakor” chempionlik masalasini “Olmaliq”
yoki “Buxoro” bilan o’yinlarda emas, “Bunyodkor” yoki “Lokomotiv” maydonida hal
qilishiga to’g’ri keladi. Bunda esa chempionlik yuki ikki barobar oshadi.
Uchinchidan, Oliy ligadagi o’yinlar soni 26tani emas, balki
emas 32tani tashkil qiladi. Bu bilan chempionat o’yinlariga fayz kiribgina
qolmay, futbolchilarda o’yin amaliyoti ikki o’yin orasida saqlanib turadi.
To’rtinchidan, xalqaro maydonda ishtirok etayotgan
klublarimiz yil boshidan xalqaro maydonga katta e’tibor qaratish imkoniyatiga
ega bo’lishadi. Ya’ni dastlabki turlarda yo’qotilgan ochkolar keyinchalik
chempionlik masalasiga rahna solmaydi. Jamoalar yil boshidanoq 1-o’rinda
borishni emas, kuchli oltilikka kirib olish haqida bosh qotirishadi, Yo’qotilgan
ochkolar kechirimli bo’ladi.
Sentabrdan boshlab esa chempionatning qaymog’i boshlanadi.
Olti klubning barchasida o’yin amaliyoti yetarli, futbolchilar jangga shay
holda chempionlik uchun kurashni boshlashadi. Sentabrdan boshlab barcha o’yinlar
markaziy maqomiga ega bo’ladi. Bu bilan muxlislar bir yilning o’zida ikkita
chempionatga guvoh bo’lishadi. Biri saralanish, ikkinchisi esa chempionlik
kurashi.
***
Tanlov har kimning o’ziga havola. 10ta boshda 10ta fikr bor
ekanini inkor eta olmayman. Taklif qilingan chempionat kamchiliklardan holi
emasligini isbotlab berishlari va meni mot qila olishlariga ham ishonaman.
Insonlar kabi fikrlar ham ideal bo’la olmaydi. Agar kimdir yuqoridagi fikrlarga
qo’shilsa, retweet qilishi, qo’shilmasa o’z fikrini yozib qoldirishi mumkin. Bu
qancha tez bo’lsa, shuncha yaxshi. Bu masala qancha yuqoriga ko’tarilsa yanada
yaxshi. Zero PFL yaqin orada kelasi yil uchun qarorini e’lon qiladi. Men esa o’yin
natijlarini tahmin qilish mumkin bo’lgan va jamoalari muxlisdan ko’ra cho’ntagini
o’ylaydigan chempionatdan ochiqchasiga nafratlanaman. Men bilan nafratdosh
ekaningizga umid qilaman ;-)
I'm agree with your view
ОтветитьУдалить