Поиск по этому блогу

12 декабря, 2012

Fergyusson, "Bunyodkor" va Qosimov...

Men hamisha yaxshi murabbiyga imkon berishning tarafi bo’lganman. Bir mavsumga qolmay mutaxassislarning “dumini tugish”ni tushunmayman, tushunishni ham istamayman. Chunki men yaxshi ko’rgan jamoani men yaxshi ko’rgan murabbiy men tug’ilmasimdan avval qabul qilib olgan va hozirga qadar boshqarib kelmoqda, yaxshi boshqarmoqda.

Faqatgina bu uchun emas, men shunchaki 1 yilda yaxshi klub tashkil qilish mumkin ekaniga ishonmayman. Siz bilgan “Quruvchi” birinchi yili “Paxtakor”dan katta farq bilan ortda qolgan. O’sha “Manchester Siti” ham, o’sha “PSJ” ham 1 yilning o’zida maqsadiga yeta olmagan. Vaqt, sabr, imkon kabi tushunchalarsiz avval kuchli bo’lganlarni shunchaki yo’qqa chiqara olmaysiz.

Bugungi kun muxlisi futbolga turlicha ko’z bilan qaraydi. Kim uchundir jamoasi yutsa bo’ldi. G’alaba halolmi yoki haqqoniy ahamiyati yo’q. Kimdir esa “Fair play” tarafdori. Yoki hammasi “Playstation” va “Pes” kabi. Kimdir eng tez yuguradigan, eng kuchli zarba beradigan va hokazo eng-englarni bir jamoada birlashtiradi, bu bilan raqiblarini yanchishga harakat qiladi. Kimdir esa boriga qanoat qilib o’sha eng-englardan ustun bo’lishni istaydi. Ayni vaqtda kim qaysi yo’ldan yurishini va u aslida qanday ekanini muhokama qilmoqchi emasman. Bu borada didlarimiz turlicha. Qaysi birining afzal ekani borasida baxslashish esa ko’p hollarda iliq munosabat va sog’lom raqobat bilan yakun topmaydi, ko’p sinalgan bu.

Keling, vaziyatga boshqa tarafdan baho berishga harakat qilamiz. Bunda meni fanatlikda ayblasangiz ham mayli. Aslida fanat emas muxlisman, bu ikki tushunchani ajrata olishingizdan ham umidvorman. Va ishonamanki, vazminlik bilan fikr yuritadigan insonlar mening muxlisligimni hazm qila oladilar. Hazm qila olmaganlardan hafa bo’lmayman, chunki hammaning o’z haqiqati bor. Mening fikrim hech qachon ideal bo’la olmaydi, huddi sizniki kabi. Sog’lom debat orqaligina nisbatan mantiqli bo’lgan to’xtamga kelamiz.

Aytmoqchi bo’lganlarimning ko’pligi bu maqolada ezmalashishimga sabab bo’ldi. Fikrlarimni aniq tizimga sola olmayapman. Yoki aytadiganimni shartta aytgim yo’q. Ma’zur tuting...

Yuqorida futbolga turlicha ko’z bilan qarash haqida to’xtalib o’tdim. Bu bejizga emas. Endi shu qarashni yaxshi yoki yomon odatlar atrofida tahlil qilib ko’ramiz. O’zbek qadrlaydigan fazilatlar yoki aksinchalar yordamida balki qarashlarning aslida qandayligiga oydinlik kiritish mumkindir, nima deysiz?

Isrofgarchilik. Shu yerdan boshlab kim uchundir bachkanalashaman. Yana kimgadir fikrim yoqmaydi. Qarshi fikr bildiring, bemalol. Sizning fikringiz menikidan asosliroq bo’lishi katta extimol. “Manchester Siti” “Ayaks”ga qarshi ikkita o’yinda 1 ochko bilan cheklandi. Biroq “Ayaks” asosiy tarkibidagi futbolchilari uchun bor yo’g’i 2,75 million sarflagan (birgina Odil Ahmedovning narxidan ham kam). 6 nafar futbolchi klub akademiyasidan yetishib chiqqan bo’lsa, yana 3tasi amsterdamliklar safiga erkin agent maqomida kelib qo’shilgan. “Manchester Siti”da esa bu ko’rsatkich 187,5 millionni tashkil qiladi. “Ayaks” Roberto Manchini jamoasiga qarshi yana 10ta o’yinda maydonga tushib 4 ochko ola bilmasligi mumkin degan ideologiya haqiqatga yaqin. Shu sababli “Ayaks” o’rniga “Manchester Yunayted”ni qo’yib mavzuni davom ettiraman. Fergyusson dunyoning eng boy jamoasini 1986-yildan beri boshqaradi. O’tgan 26 yilning birortasida mutaxassis “Manchester Siti” amalga oshirgani kabi ulkan transferlarga qo’l urmagan. Hozir ikki klub deyarli teng darajada. Biroq shu saviyada turish uchun “MU” qancha sarf-xarajat qilmoqda-yu, “MC” qancha? Sabr masalasida Angliyada “Chelsi” va “Liverpul”ga, maqsad borasida “Arsenal”ga havas qilib bo’lmaydi, to’g’rimi? Kimdir murabbiyni qo’lqop kabi almashtirishga yoki eng yaxshilarni sotib, sovrinlar uchun kurasha olmaydigan darajaga tushib qolishga xayrixohmi?

Fergyusson va Mourinyodan qay biri kuchli degan savolni o’rtaga tashlamayman. Ikkisi ham o’zini kuchli deb tan olishlari uchun yetarlicha ish qilib qo’ygan. Faqatgina maqsad, yo’nalish turlicha bo’lgan xolos. Boz ustiga Premyer-ligadagi 20ta klubning barchasi “MU” uslubida faoliyat olib borsa aniqki o’ta zerikarli holat vujudga kelardi. O’sha Vengerning biznesmenligi-yu, o’sha Abramovichning qaysarligi, Manchini va uning xalqaro maydondagi qoqilishlariga bosiqlik bilan chidab berayotgan arab shayxi Premyer-liganing qiziqarliligini ta’minlab turishibdi. Shunchaki men “MU”dan, katta ukam “Chelsi”dan, kichigi “MC”dan kayf oladi. Buning yomon tarafi yo’q.

***

O’zbekistonda esa vaziyat tamomila boshqacha. Klublar tanlab olgan yo’l rivojlanish yoki kimningdir kayfi uchun emas. Bizda tanlangan yo’l majburiyat yoki kimningdir cho’ntagiga “baraka” xolos. Afsuski shunday.

“Olmaliq” va “Metallurg” raxbariyatiga hech qanday olamshumul natija kerak emas. Maqsad kamtargina mablag’ bilan ham Oliy ligada o’ralashib yurish. Buning uchun Mirsodiqov va Shkvirin hozircha ideal variant. Ikkita tajribali mutaxassis klubdan topayotgan pulini oqlamoqda, biroq boshqa masalalarda kelayotgan pul  yoki qilinayotgan ish o’zbek futbolini bulg’ashdan boshqasiga yaramaydi.  

“Neftchi”ning “MU” kabi BOSSi bor, biroq klubning normal homiysi yo’q, puli yo’q. Fergyusson faqatgina klubga ishlagani uchun ham kerak paytda Gleyzerlarning qarzini yopish bilan mashg’ul bo’lib ham, Angliyada o’z o’rnini yo’qotib qo’ymadi. Sarkisyan esa hech qachon Fergyusson bo’la olmaydi. Pul borida natija, yo’g’ida esa nolish, boshqa narsa ko’rmadim. Men Vazgenivichni qattiq xurmat qilaman. Biroq futbolchilar transferidagi pullarning barchasi “Neftchi” hisob-raqamiga tushganiga ishonmayman. Sarkisyan bunday paytda o’zini unutishi mumkin emas. Hech bo’lmaganda pul bor vaqtda kelajakka zamin hozirlash haqida o’ylash mumkin. Agar jamoa 20 yildan keyin ham bir tiyinlik foydaga kirmasa va faqat homiylarning qo’liga qarab qolaversa, menimcha tizimni o’zgartirish kerak, allaqachon!  

“Paxtakor” “Arsenal” kabi ish tutayotganga o’xshab ko’rinadi. Lekin har yili Ahmedov bilan Gaynrix yetishib chiqmaydi, kattaroq mablag’ evaziga sotish uchun. Chunki “Paxtakor”ning Vengeri yo’q. Qo’shimchasiga klub o’z imkoniyatidan yuqori sakrash uchun harakat qiladi, bu yo’lda Babayan tinim bilmaydi. Kurash esa maydonda emas, uning tashqarisida ayovsiz kechadi.

“Bunyodkor” 3 yildan beri qayta bunyod bo’ladi. Ikki safardan beri boshi uzilgan tovuqqa o’xshab qoladigan klub faqatgina Qosimov sabab bir maromda o’ynab turipti. Bo’lmasa klubning qadam olishi “Mash’al”nikidan farq qilmaydi. “Mash’al” esa qadam olishining eng cho’qqisiga yetib keldi.

“Nasaf” hokimdan yolchib yaxshi yo’lga tushib olgandi. Klublarimizning hokim qo’liga qarab qolishining kasri esa “Nasaf”ni ham “o’ldirdi”.

Bu yil faqatgina “Lokomotiv”da ishlar joyida bo’ldi. Klub egalarining maqsadi bor: pul ishlash. Yaxshi maqsad. Agar bu maqsad pirovardida o’zbek futboli rivojlansa, qolgan klublar ham “Lokomotiv”dan o’rnak olishiga qarshi emasman. Hammasi oddiy: xorijlik biznesmen 3-4 yil davomida klubga ayamay pul tikadi. Keyin esa futbolchilarni sotish orqali uni qaytarib oladi. Har holda men shunday tahmin qilaman. Hozir sobiq O’zbekiston olimpiya terma jamoasi “Lokomotiv”da to’planmoqda. Ajoyib qaror. Ertaga yangi Jeparov, Ahmedov, Geynrix bo’lib yetishadigan bu futbolchilar Qozog’iston, Rossiya, Koreya yoki arab klublaridan birortasiga transfer qilinadi. Hammasi oddiy. Futbolchining narxi 6 millionga baholanadi, jamoatchilikka esa 2 million deb ko’rsatiladi. 2 million klub g’aznasiga, 4 million klub uchun pul tikkan biznesmenga o’tadi. Halol biznes, shunday emasmi? Evaziga 1ta yaxshi klubimiz bo’ladi!

“Paxtakor” yoki “Neftchi”ni tanqid qilishdan yiroqman. Har ikkisi ham kuchliroq homiyga juda muhtoj. Mazkur ikki klubning kuchsizlanib ketishi, o’zbek futboliga katta zarar yetkazadi. Birining raxbari nima qilib bo’lsada natijaga erishayapti. Jamoatchilik oldidagi obro’si haqida bilmadimku-ya, ammo o’z klubi uchun bir amallab turib berishga harakat qilayapti. Bu harakat yaxshi yoki aksincha ekani mening maqolam mavzusiga kirmaydi. Ikkinchi klub raxbari esa pul bo’lmasa natija ham yo’q deydi. Uni ham tushunish kerak. Yevropa klublari pul bilan natija qila olmayotgan bir vaqtda, Sarkisyandan yana nima kutish mumkin?

Biroq shunday klublar borki, unda yakdil insonlar faoliyat olib bormayotgani sabab rivojlana olmayapti. Vaholanki klubning obro’si ham, homiysi ham, yaxshi murabbiyi ham bor. Ha, men “Bunyodkor” haqida yozayapman. Men Qosimov haqida to’xtalmoqchiman.

O’zbek futbolida birinchi raqamli futbolchi deya Gennadiy Krasnitskiy tan olingan. Qosimov esa bu borada uchinchi. Ammo men uchun Mirjalol birinchi. Men Krasnitskiyning o’yinlarini ko’rmaganman. Ammo tarixini bilaman. O’zbek futboliga kim nima berganini ham bilaman. Bu mening haqiqatim va u kim uchundir to’g’ri bo’lmasligi tabiiy. Futbol faxriylari mayli mendan nafratlanishsin, mayli fikrimga tupurishsin. Men baribir o’z fikrimda qolaman. Bugun Qosimovni yoqtirmay qolganlar ham talaygina. Biroq futbolchilik davrida o’sha kishilar Mirjalolni qo’llab-quvvatlashar edi, ko’kka ko’tarishar edi. Men “MU” muxlisiman va bu holatni hazm qila olmayman. Chunki “MU” fanatlari Bekxem yoki Ronaldu “Real”ga ketsa ham ularni yaxshi ko’rishadi. “Old-Trafford” egalari haqidagi fikrim avvalgi blog-postlarimda bor va hozir uni takrorlamoqchi emasman.

Qosimov xorijdan keliboq “Paxtakor”ga qaytdi. Biroq o’sha Agamurodov-u Babayanlar uchun keraksiz ekanini his qilishi bilan “Mash’al”ga yo’l oldi. Raul “Real”ga keraksiz bo’lib “qirollik klubi”ni tark etgani bilan “Real”dan ko’ngli sovumaydi. U Mourinyo yoki Perezni yoqtirmasligi mumkin xolos. Ammo qalbi hamisha “Real” bilan. Qosimovda ham shunday. Yo’qsa Mirjalol futbolni tugatishi bilan “Paxtakor”ga murabbiy bo’ladi deb o’ylaganlar kammidi? Buni Qosimov xohlamagan deb o’ylaysizmi? Biroq qadriga yetishmasa, hech kim itning keyingi oyog’i bo’lishni istamaydi. Qo’shilmaydiganlar o’z kasblari bo’yicha o’zlarini Qosimovning o’rniga qo’yib ko’rishlari mumkin.

Ha, Mirjalol o’zbek futboliga yordami kerak bo’lgan paytda hech qachon yordamini ayamadi. Umurtqa pag’onasi shikast yeganida ham, temperaturasi 38 daraja bo’lganida ham, jamoasi chempionlar ligasining yarim finaliga kelganida ham va hokazo. Kimgadir tekkizish niyatim yo’q. U terma jamoada ishlash uchun kimgadir “podkat” bermadi. O’z ishini bilib qildi, hozir esa O’zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqishga juda yaqin turibdi. Hammasi niyat va amalga qarab beriladi. Yo’qsa bugungi holat O’zbekiston terma jamoasini eng kuchli qila olgan murabbiyga ham nasib etishi mumkin edi-ku. Har holda men buni shunday izohlayman.

“Bunyodkor”da yil boshidan beri atmosfera yaxshi emasdi. OAVda bejizga Davlatov haqida 2-3 marta chiqish qilinmadi. Shamol bo’lmasa daraxtning uchi qimirlamasligi sizga ma’lum. Biroq shunda ham klub maksimum natija qayd etishga harakat qildi. Murabbiy yil boshida o’ziga kerakli futbolchilarni ololmasada, futbolchilarga o’z vaqtida puli berilmasada, mavsum o’rtasida Qosimov terma jamoani qabul qilib olsada stabillikni ushlashga harakat qildi. Futbolni yaxshi tushungan inson uchun bu ishlar qanday mashaqqat ekanini uqtirish shart bo’lmasa kerak.

“Bunyodkor”da eng yaxshi sharoit Luiz Felippe Skolariga yaratib berildi. U o’zi xohlagandek tarkib hosil qilsada, xalqaro maydonda hech narsaga erisha olmadi. Mirjalol esa aksincha, bir safar yarim finalda, keyingi safar chorak finalda jamoasini braziliyaliklarga topshirib ketdi. Ana endi ishlayman deganida esa raxbariyat uning talablarini qondira olmadi. O’sha Sasha va Slavalyub Jorjevichlar olib berildi. Qosimov bu kabi legionerlarni xohlamasdi. Vaziyat yaxshi tomonga o’zgardi deyilganida esa, hech narsa o’zgarmadi. Davlatov olgan Kenjisariyev ham, o’sha mashxur Karney ham zaxiraga mixlandi. Vaholanki Qosimov yil boshida raxbariyatdan har bir pozitsiya uchun 1tadan yaxshi legioner so’ragandi.

***

Maqola g’alati ko’rindimi? Oldiniga Premyer-liga, keyin esa PFL... Endi o’sha ikkita qismni birlashtiraman. Fikrimga qarshi chiqadiganlar juda ko’p, bilaman. Ammo yuqorida aytganim kabi sog’lom dibatdan keyingina nisbatan mantiqli to’xtamga kelish mumkin. Shunday ekan siz ham o’z fikringizni qoldiring, balki u menikidan ancha yaxshi va asosli bo’lishi mumkin.

“MU” Gleyzerlar oilasiga tegishli. Biroq klubda faqatgina Ser Aleks Fergyussongagina BOSS deb murojaat qilishadi. Klub siyosati, qanday futbolchi olish, kimni kimga ijara berishni ham faqat BOSS hal qiladi. Aslida “MU”ning boshqaruv paketini qo’lida ushlab turgan oila bunga bemalol chek qo’yishi mumkin. Biroq o’sha BOSS va uning qarorlari Gleyezerlarning osilib qolgan xaltasiga foyda keltirayotgan ekan, Fergyusson “MU”dan ketishga o’zi qaror qilmagunicha, oila SAFni iste’foga chiqarishga shoshilmaydi.

“Bunyodkor” o’z homiysiga va ishonish mumkin bo’lgan murabbiyga ega. Shu kungacha o’zbek futboli manfaatini birinchi o’ringa qo’ygan Qosimovga ishlash uchun imkon berish kerak! Hatto o’sha Davlatovi ham “Bunyodkor”ga nimadir bera olmadi. Murabbiy bilan hamfikr bo’lmadi. Qosimov esa yaxshi paytda ham, yomonida ham natija ko’rsatdi. Men uni jamoada BOSS sifatida ko’rishni xohlardim!

Hozir “Lokomotiv” ketma-ket yaxshi futbolchilar bilan shartnoma imzolayotgan bir vaqtda, Qosimov “Bunyodkor”ga yangi bosh tezroq kelishini kutib yashamoqda extimol. Biroq yangi boshning yana qanday bo’lishini u bilmaydi. Balki yaxshisi kelar, balki yo’q. O’zim ham yangi boshni kim qo’yishini ham aniq bilmayman. Balki shuning uchundir Qosimovning o’zi BOSS bo’lishini xohlayotgandirman. Fergyussondan tashqari Arsen Venger, Qurbon Berdiyev kabi kishilar ham bu vazifa bilan yaxshi jamoa tuza olishdi. Butun klub infrotuzilmasi birgina bosh va uning qarashlari bo’yicha birlashdi.

Men o’z fikrimning samarasi sifatida “Bunyodkor”ni OCHL chempioni sifatida ko’rayotganim yo’, men bashoratchi ham, yo’q narsa uchun ishonch bildiradigan ahmoq ham emasman. Men shunchaki yaxshi murabiyga imkon va vaqt berish tarafdoriman. Murabbiy bir klubda abadiy ishlashi mumkin emas. Biroq u arziydigan murabbiy bo’lsa o’zi xohlaganidek ishlab ko’rishi kerak deb bilaman. E’tibor qiling, jamoada faqatgina rahbariyat almashayapti, Qosimov esa joyida. Demak klubdagi muammolar va boshqa bir qator masalalar haqida hech kim Qosimovchalik yaxshi bilmaydi. Balki Qosimovning o’zi BOSS bo’lganida Abduholiqov va Rahmatullayev kabi yosh iste’dodlar jamoadan shunday ketib qolmasmidi... Murabbiy o’zi uchun kelajak hozirlashga harakat qilsa-yu, biroq rahbariyat uning har bir ishini bir tiyin qilib tursa, qanday ishlab bo’ladi?! Fergyussonda esa istalgan futbolchini jamoada olib qolish, istagani bilan shartnoma tuzish va yaxshi futbolchiga istagan bahosini qo’yish imkoni bor. Shuning uchun ham u 17 yoshli Runini payqab, o’zi jamoaga qo’shib olaveradi va buni hech kimdan so’ramaydi. Erkin agentga aylangan Maykl Ovenga bir qator haridorlar chiqib turganida uni bir chashka qahfa ichishga taklif qiladi va BOSS ekani uchun ham Oven Fergini rad qila olmaydi, unga ishonadi. Shuning uchun ham Ronaldu va Bekhemlarning orqasidan keladigan millionlab pullar kimningdir cho’ntagiga emas, “MU” hisob raqamiga o’tadi. Shuning uchun ham “MU” qandaydir oila qarzini yopib yursada bitta tempni ushlay oladi. Chunki uning BOSSi bor. “Bunyodkor”da esa avvaliga Abramovich siyosati, keyin Abramovichdan keyingi inqiroz siyosati, undan keyin esa Davlatov siyosati (aslida shunisi o’rganishli mavzu, menimcha o’rganilish jarayonida uning sog’lig’i yomonlashdi va o’z arizasiga ko’ra ishdan ketdi) amalda bo’ldi. “Qaldirg’ochlar”ning ahvollari tobora yomonlashib borsayu, qachondir aybdor murabbiy bo’lib qolsa, yaxshi sharoitda ishlay olmagan murabbiyga nohaqlik bo’lmaydimi? Siz SAF siyosatini ham klubda sinab ko’rishga nima deysiz?       

Комментариев нет:

Отправить комментарий