Поиск по этому блогу

01 февраля, 2013

Maktabni sog'ingan ko'nglim...

Mani ko’nglim yomg’ir yog’gan toproqqa o’xshaydi. Unda iz qoldirish uchun ortiqcha harakat shart emas. Mani ko’nglim huddi usha loyga o’xshaydi. Unda iz qoldirish uchun qadam qo’yilsa bas...

Har voqeaning yakunida man usha ko’nglimni ovuta olmay qiynalaman. “Xayr maktabim” kolonkadan fonogramma bo’lib chiqayotganda mani ko’nglim allanechuk bo’ladi. 9 yillik sinfdosh qizlarim ko’zidagi yosh ularning yuziga-yu mani ko’nglimga oqadi. Qo’limdagi tutqunlikdan ozodlikka otilib uchgan oq kabutar ham ko’nglimga taskin bo’lib ko’zdan g’oyib bo’lmaydi. Huddi o’sha tutqunlikka o’rganib qolgandek bir uchishda sinfxonam tokchasiga qo’nadi. Mani ko’nglim aynan shu xonada qolayotganini bu qushdan qaydan bilsin, xayronman...

Ko’nglimning ko’chalari ensamni toza qotiradi. Univerga kirganimdan keyin ham mayning yigirma beshinchisi uyim oynasidan ko’rinib turadigan maktabga, o’sha kabutar qo’nggan xonaga tortaveradi. Chunki uyimdan maktab ko’ringani bilan mani xonamdagi partalar ko’rinmaydi-da... Mana bu partada man o’tirardim. Aslida hov anavi stul maniki. Parta qirrasiga ismimni o’yib yozganim hali ham bor bo’lsa, u so’zimga isbot bo’la oladi. Lekin o’sha parta man uchun haddan tashqari erkinlik ekanini his qilgan kuniyoq kuratorim tumshug’uning tagiga chorlab olgandi. Aslida u mani juda yaxshi ko’rardi. Huddi mani sevgim unikidan kam bo’lmagani kabi. 5-sinfdan 9-sinfgacha hamma sho’xliklarimga chidadi-yu, bor yo’g’i 1 yildan keyin uni tashlab ketishimni tushungandek yoniga chaqirib oldi. Hozir qayerda o’tirishning manga farqi yo’q. Afsuski vaqtga ham farqi yo’q. O’tgan 7 yilda ozgina yiriklashganim o’zimga sezilmagan bo’lsada, negadir shu tobda parta ko’zimga tordek ko’rindi. Biroq ko’nglim shu torlikni sog’indi. Juda sog’indi...