Men hamisha yaxshi murabbiyga imkon berishning tarafi
bo’lganman. Bir mavsumga qolmay mutaxassislarning “dumini tugish”ni
tushunmayman, tushunishni ham istamayman. Chunki men yaxshi ko’rgan jamoani men
yaxshi ko’rgan murabbiy men tug’ilmasimdan avval qabul qilib olgan va hozirga
qadar boshqarib kelmoqda, yaxshi boshqarmoqda.
Faqatgina bu uchun emas, men shunchaki 1 yilda yaxshi klub
tashkil qilish mumkin ekaniga ishonmayman. Siz bilgan “Quruvchi” birinchi yili
“Paxtakor”dan katta farq bilan ortda qolgan. O’sha “Manchester Siti” ham, o’sha
“PSJ” ham 1 yilning o’zida maqsadiga yeta olmagan. Vaqt, sabr, imkon kabi
tushunchalarsiz avval kuchli bo’lganlarni shunchaki yo’qqa chiqara olmaysiz.
Bugungi kun muxlisi futbolga turlicha ko’z bilan qaraydi.
Kim uchundir jamoasi yutsa bo’ldi. G’alaba halolmi yoki haqqoniy ahamiyati
yo’q. Kimdir esa “Fair play” tarafdori. Yoki hammasi “Playstation” va “Pes”
kabi. Kimdir eng tez yuguradigan, eng kuchli zarba beradigan va hokazo eng-englarni
bir jamoada birlashtiradi, bu bilan raqiblarini yanchishga harakat qiladi.
Kimdir esa boriga qanoat qilib o’sha eng-englardan ustun bo’lishni istaydi.
Ayni vaqtda kim qaysi yo’ldan yurishini va u aslida qanday ekanini muhokama
qilmoqchi emasman. Bu borada didlarimiz turlicha. Qaysi birining afzal ekani
borasida baxslashish esa ko’p hollarda iliq munosabat va sog’lom raqobat bilan
yakun topmaydi, ko’p sinalgan bu.
Keling, vaziyatga boshqa tarafdan baho berishga harakat
qilamiz. Bunda meni fanatlikda ayblasangiz ham mayli. Aslida fanat emas
muxlisman, bu ikki tushunchani ajrata olishingizdan ham umidvorman. Va
ishonamanki, vazminlik bilan fikr yuritadigan insonlar mening muxlisligimni
hazm qila oladilar. Hazm qila olmaganlardan hafa bo’lmayman, chunki hammaning
o’z haqiqati bor. Mening fikrim hech qachon ideal bo’la olmaydi, huddi sizniki
kabi. Sog’lom debat orqaligina nisbatan mantiqli bo’lgan to’xtamga kelamiz.
Aytmoqchi bo’lganlarimning ko’pligi bu maqolada
ezmalashishimga sabab bo’ldi. Fikrlarimni aniq tizimga sola olmayapman. Yoki
aytadiganimni shartta aytgim yo’q. Ma’zur tuting...
Yuqorida futbolga turlicha ko’z bilan qarash haqida
to’xtalib o’tdim. Bu bejizga emas. Endi shu qarashni yaxshi yoki yomon odatlar
atrofida tahlil qilib ko’ramiz. O’zbek qadrlaydigan fazilatlar yoki aksinchalar
yordamida balki qarashlarning aslida qandayligiga oydinlik kiritish mumkindir,
nima deysiz?
Isrofgarchilik. Shu yerdan boshlab kim uchundir
bachkanalashaman. Yana kimgadir fikrim yoqmaydi. Qarshi fikr bildiring, bemalol.
Sizning fikringiz menikidan asosliroq bo’lishi katta extimol. “Manchester Siti”
“Ayaks”ga qarshi ikkita o’yinda 1 ochko bilan cheklandi. Biroq “Ayaks” asosiy
tarkibidagi futbolchilari uchun bor yo’g’i 2,75 million sarflagan (birgina Odil
Ahmedovning narxidan ham kam). 6 nafar futbolchi klub akademiyasidan yetishib
chiqqan bo’lsa, yana 3tasi amsterdamliklar safiga erkin agent maqomida kelib
qo’shilgan. “Manchester Siti”da esa bu ko’rsatkich 187,5 millionni tashkil
qiladi. “Ayaks” Roberto Manchini jamoasiga qarshi yana 10ta o’yinda maydonga
tushib 4 ochko ola bilmasligi mumkin degan ideologiya haqiqatga yaqin. Shu
sababli “Ayaks” o’rniga “Manchester Yunayted”ni qo’yib mavzuni davom ettiraman.
Fergyusson dunyoning eng boy jamoasini 1986-yildan beri boshqaradi. O’tgan 26
yilning birortasida mutaxassis “Manchester Siti” amalga oshirgani kabi ulkan transferlarga
qo’l urmagan. Hozir ikki klub deyarli teng darajada. Biroq shu saviyada turish
uchun “MU” qancha sarf-xarajat qilmoqda-yu, “MC” qancha? Sabr masalasida
Angliyada “Chelsi” va “Liverpul”ga, maqsad borasida “Arsenal”ga havas qilib
bo’lmaydi, to’g’rimi? Kimdir murabbiyni qo’lqop kabi almashtirishga yoki eng
yaxshilarni sotib, sovrinlar uchun kurasha olmaydigan darajaga tushib qolishga
xayrixohmi?
Fergyusson va Mourinyodan qay biri kuchli degan savolni
o’rtaga tashlamayman. Ikkisi ham o’zini kuchli deb tan olishlari uchun
yetarlicha ish qilib qo’ygan. Faqatgina maqsad, yo’nalish turlicha bo’lgan
xolos. Boz ustiga Premyer-ligadagi 20ta klubning barchasi “MU” uslubida
faoliyat olib borsa aniqki o’ta zerikarli holat vujudga kelardi. O’sha
Vengerning biznesmenligi-yu, o’sha Abramovichning qaysarligi, Manchini va uning
xalqaro maydondagi qoqilishlariga bosiqlik bilan chidab berayotgan arab shayxi
Premyer-liganing qiziqarliligini ta’minlab turishibdi. Shunchaki men “MU”dan,
katta ukam “Chelsi”dan, kichigi “MC”dan kayf oladi. Buning yomon tarafi yo’q.
***
O’zbekistonda esa vaziyat tamomila boshqacha. Klublar tanlab
olgan yo’l rivojlanish yoki kimningdir kayfi uchun emas. Bizda tanlangan yo’l
majburiyat yoki kimningdir cho’ntagiga “baraka” xolos. Afsuski shunday.
“Olmaliq” va “Metallurg” raxbariyatiga hech qanday
olamshumul natija kerak emas. Maqsad kamtargina mablag’ bilan ham Oliy ligada
o’ralashib yurish. Buning uchun Mirsodiqov va Shkvirin hozircha ideal variant.
Ikkita tajribali mutaxassis klubdan topayotgan pulini oqlamoqda, biroq boshqa
masalalarda kelayotgan pul yoki
qilinayotgan ish o’zbek futbolini bulg’ashdan boshqasiga yaramaydi.
“Neftchi”ning “MU” kabi BOSSi bor, biroq klubning normal
homiysi yo’q, puli yo’q. Fergyusson faqatgina klubga ishlagani uchun ham kerak
paytda Gleyzerlarning qarzini yopish bilan mashg’ul bo’lib ham, Angliyada o’z
o’rnini yo’qotib qo’ymadi. Sarkisyan esa hech qachon Fergyusson bo’la olmaydi.
Pul borida natija, yo’g’ida esa nolish, boshqa narsa ko’rmadim. Men
Vazgenivichni qattiq xurmat qilaman. Biroq futbolchilar transferidagi
pullarning barchasi “Neftchi” hisob-raqamiga tushganiga ishonmayman. Sarkisyan
bunday paytda o’zini unutishi mumkin emas. Hech bo’lmaganda pul bor vaqtda
kelajakka zamin hozirlash haqida o’ylash mumkin. Agar jamoa 20 yildan keyin ham
bir tiyinlik foydaga kirmasa va faqat homiylarning qo’liga qarab qolaversa,
menimcha tizimni o’zgartirish kerak, allaqachon!
“Paxtakor” “Arsenal” kabi ish tutayotganga o’xshab
ko’rinadi. Lekin har yili Ahmedov bilan Gaynrix yetishib chiqmaydi, kattaroq
mablag’ evaziga sotish uchun. Chunki “Paxtakor”ning Vengeri yo’q.
Qo’shimchasiga klub o’z imkoniyatidan yuqori sakrash uchun harakat qiladi, bu
yo’lda Babayan tinim bilmaydi. Kurash esa maydonda emas, uning tashqarisida
ayovsiz kechadi.
“Bunyodkor” 3 yildan beri qayta bunyod bo’ladi. Ikki safardan
beri boshi uzilgan tovuqqa o’xshab qoladigan klub faqatgina Qosimov sabab bir
maromda o’ynab turipti. Bo’lmasa klubning qadam olishi “Mash’al”nikidan farq
qilmaydi. “Mash’al” esa qadam olishining eng cho’qqisiga yetib keldi.
“Nasaf” hokimdan yolchib yaxshi yo’lga tushib olgandi. Klublarimizning
hokim qo’liga qarab qolishining kasri esa “Nasaf”ni ham “o’ldirdi”.
Bu yil faqatgina “Lokomotiv”da ishlar joyida bo’ldi. Klub
egalarining maqsadi bor: pul ishlash. Yaxshi maqsad. Agar bu maqsad pirovardida
o’zbek futboli rivojlansa, qolgan klublar ham “Lokomotiv”dan o’rnak olishiga qarshi
emasman. Hammasi oddiy: xorijlik biznesmen 3-4 yil davomida klubga ayamay pul
tikadi. Keyin esa futbolchilarni sotish orqali uni qaytarib oladi. Har holda
men shunday tahmin qilaman. Hozir sobiq O’zbekiston olimpiya terma jamoasi
“Lokomotiv”da to’planmoqda. Ajoyib qaror. Ertaga yangi Jeparov, Ahmedov,
Geynrix bo’lib yetishadigan bu futbolchilar Qozog’iston, Rossiya, Koreya yoki
arab klublaridan birortasiga transfer qilinadi. Hammasi oddiy. Futbolchining
narxi 6 millionga baholanadi, jamoatchilikka esa 2 million deb ko’rsatiladi. 2
million klub g’aznasiga, 4 million klub uchun pul tikkan biznesmenga o’tadi.
Halol biznes, shunday emasmi? Evaziga 1ta yaxshi klubimiz bo’ladi!
“Paxtakor” yoki “Neftchi”ni tanqid qilishdan yiroqman. Har
ikkisi ham kuchliroq homiyga juda muhtoj. Mazkur ikki klubning kuchsizlanib
ketishi, o’zbek futboliga katta zarar yetkazadi. Birining raxbari nima qilib
bo’lsada natijaga erishayapti. Jamoatchilik oldidagi obro’si haqida
bilmadimku-ya, ammo o’z klubi uchun bir amallab turib berishga harakat
qilayapti. Bu harakat yaxshi yoki aksincha ekani mening maqolam mavzusiga
kirmaydi. Ikkinchi klub raxbari esa pul bo’lmasa natija ham yo’q deydi. Uni ham
tushunish kerak. Yevropa klublari pul bilan natija qila olmayotgan bir vaqtda,
Sarkisyandan yana nima kutish mumkin?
Biroq shunday klublar borki, unda yakdil insonlar faoliyat
olib bormayotgani sabab rivojlana olmayapti. Vaholanki klubning obro’si ham,
homiysi ham, yaxshi murabbiyi ham bor. Ha, men “Bunyodkor” haqida yozayapman.
Men Qosimov haqida to’xtalmoqchiman.
O’zbek futbolida birinchi raqamli futbolchi deya Gennadiy
Krasnitskiy tan olingan. Qosimov esa bu borada uchinchi. Ammo men uchun
Mirjalol birinchi. Men Krasnitskiyning o’yinlarini ko’rmaganman. Ammo tarixini
bilaman. O’zbek futboliga kim nima berganini ham bilaman. Bu mening haqiqatim
va u kim uchundir to’g’ri bo’lmasligi tabiiy. Futbol faxriylari mayli mendan
nafratlanishsin, mayli fikrimga tupurishsin. Men baribir o’z fikrimda qolaman.
Bugun Qosimovni yoqtirmay qolganlar ham talaygina. Biroq futbolchilik davrida
o’sha kishilar Mirjalolni qo’llab-quvvatlashar edi, ko’kka ko’tarishar edi. Men
“MU” muxlisiman va bu holatni hazm qila olmayman. Chunki “MU” fanatlari Bekxem
yoki Ronaldu “Real”ga ketsa ham ularni yaxshi ko’rishadi. “Old-Trafford”
egalari haqidagi fikrim avvalgi blog-postlarimda bor va hozir uni
takrorlamoqchi emasman.
Qosimov xorijdan keliboq “Paxtakor”ga qaytdi. Biroq o’sha
Agamurodov-u Babayanlar uchun keraksiz ekanini his qilishi bilan “Mash’al”ga
yo’l oldi. Raul “Real”ga keraksiz bo’lib “qirollik klubi”ni tark etgani bilan
“Real”dan ko’ngli sovumaydi. U Mourinyo yoki Perezni yoqtirmasligi mumkin
xolos. Ammo qalbi hamisha “Real” bilan. Qosimovda ham shunday. Yo’qsa Mirjalol
futbolni tugatishi bilan “Paxtakor”ga murabbiy bo’ladi deb o’ylaganlar kammidi?
Buni Qosimov xohlamagan deb o’ylaysizmi? Biroq qadriga yetishmasa, hech kim
itning keyingi oyog’i bo’lishni istamaydi. Qo’shilmaydiganlar o’z kasblari
bo’yicha o’zlarini Qosimovning o’rniga qo’yib ko’rishlari mumkin.
Ha, Mirjalol o’zbek futboliga yordami kerak bo’lgan paytda
hech qachon yordamini ayamadi. Umurtqa pag’onasi shikast yeganida ham,
temperaturasi 38 daraja bo’lganida ham, jamoasi chempionlar ligasining yarim finaliga
kelganida ham va hokazo. Kimgadir tekkizish niyatim yo’q. U terma jamoada
ishlash uchun kimgadir “podkat” bermadi. O’z ishini bilib qildi, hozir esa
O’zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqishga juda yaqin turibdi. Hammasi
niyat va amalga qarab beriladi. Yo’qsa bugungi holat O’zbekiston terma
jamoasini eng kuchli qila olgan murabbiyga ham nasib etishi mumkin edi-ku. Har
holda men buni shunday izohlayman.
“Bunyodkor”da yil boshidan beri atmosfera yaxshi emasdi.
OAVda bejizga Davlatov haqida 2-3 marta chiqish qilinmadi. Shamol bo’lmasa
daraxtning uchi qimirlamasligi sizga ma’lum. Biroq shunda ham klub maksimum
natija qayd etishga harakat qildi. Murabbiy yil boshida o’ziga kerakli
futbolchilarni ololmasada, futbolchilarga o’z vaqtida puli berilmasada, mavsum
o’rtasida Qosimov terma jamoani qabul qilib olsada stabillikni ushlashga
harakat qildi. Futbolni yaxshi tushungan inson uchun bu ishlar qanday mashaqqat
ekanini uqtirish shart bo’lmasa kerak.
“Bunyodkor”da eng yaxshi sharoit Luiz Felippe Skolariga
yaratib berildi. U o’zi xohlagandek tarkib hosil qilsada, xalqaro maydonda hech
narsaga erisha olmadi. Mirjalol esa aksincha, bir safar yarim finalda, keyingi
safar chorak finalda jamoasini braziliyaliklarga topshirib ketdi. Ana endi
ishlayman deganida esa raxbariyat uning talablarini qondira olmadi. O’sha Sasha
va Slavalyub Jorjevichlar olib berildi. Qosimov bu kabi legionerlarni
xohlamasdi. Vaziyat yaxshi tomonga o’zgardi deyilganida esa, hech narsa
o’zgarmadi. Davlatov olgan Kenjisariyev ham, o’sha mashxur Karney ham zaxiraga
mixlandi. Vaholanki Qosimov yil boshida raxbariyatdan har bir pozitsiya uchun
1tadan yaxshi legioner so’ragandi.
***
Maqola g’alati ko’rindimi? Oldiniga Premyer-liga, keyin esa
PFL... Endi o’sha ikkita qismni birlashtiraman. Fikrimga qarshi chiqadiganlar
juda ko’p, bilaman. Ammo yuqorida aytganim kabi sog’lom dibatdan keyingina
nisbatan mantiqli to’xtamga kelish mumkin. Shunday ekan siz ham o’z fikringizni
qoldiring, balki u menikidan ancha yaxshi va asosli bo’lishi mumkin.
“MU” Gleyzerlar oilasiga tegishli. Biroq klubda faqatgina
Ser Aleks Fergyussongagina BOSS deb murojaat qilishadi. Klub siyosati, qanday
futbolchi olish, kimni kimga ijara berishni ham faqat BOSS hal qiladi. Aslida
“MU”ning boshqaruv paketini qo’lida ushlab turgan oila bunga bemalol chek
qo’yishi mumkin. Biroq o’sha BOSS va uning qarorlari Gleyezerlarning osilib
qolgan xaltasiga foyda keltirayotgan ekan, Fergyusson “MU”dan ketishga o’zi
qaror qilmagunicha, oila SAFni iste’foga chiqarishga shoshilmaydi.
“Bunyodkor” o’z homiysiga va ishonish mumkin bo’lgan
murabbiyga ega. Shu kungacha o’zbek futboli manfaatini birinchi o’ringa qo’ygan
Qosimovga ishlash uchun imkon berish kerak! Hatto o’sha Davlatovi ham
“Bunyodkor”ga nimadir bera olmadi. Murabbiy bilan hamfikr bo’lmadi. Qosimov esa
yaxshi paytda ham, yomonida ham natija ko’rsatdi. Men uni jamoada BOSS sifatida
ko’rishni xohlardim!
Hozir “Lokomotiv” ketma-ket yaxshi futbolchilar bilan
shartnoma imzolayotgan bir vaqtda, Qosimov “Bunyodkor”ga yangi bosh tezroq
kelishini kutib yashamoqda extimol. Biroq yangi boshning yana qanday bo’lishini
u bilmaydi. Balki yaxshisi kelar, balki yo’q. O’zim ham yangi boshni kim
qo’yishini ham aniq bilmayman. Balki shuning uchundir Qosimovning o’zi BOSS
bo’lishini xohlayotgandirman. Fergyussondan tashqari Arsen Venger, Qurbon Berdiyev
kabi kishilar ham bu vazifa bilan yaxshi jamoa tuza olishdi. Butun klub
infrotuzilmasi birgina bosh va uning qarashlari bo’yicha birlashdi.
Men o’z fikrimning samarasi sifatida “Bunyodkor”ni OCHL
chempioni sifatida ko’rayotganim yo’, men bashoratchi ham, yo’q narsa uchun
ishonch bildiradigan ahmoq ham emasman. Men shunchaki yaxshi murabiyga imkon va
vaqt berish tarafdoriman. Murabbiy bir klubda abadiy ishlashi mumkin emas.
Biroq u arziydigan murabbiy bo’lsa o’zi xohlaganidek ishlab ko’rishi kerak deb
bilaman. E’tibor qiling, jamoada faqatgina rahbariyat almashayapti, Qosimov esa
joyida. Demak klubdagi muammolar va boshqa bir qator masalalar haqida hech kim
Qosimovchalik yaxshi bilmaydi. Balki Qosimovning o’zi BOSS bo’lganida
Abduholiqov va Rahmatullayev kabi yosh iste’dodlar jamoadan shunday ketib
qolmasmidi... Murabbiy o’zi uchun kelajak hozirlashga harakat qilsa-yu, biroq
rahbariyat uning har bir ishini bir tiyin qilib tursa, qanday ishlab bo’ladi?!
Fergyussonda esa istalgan futbolchini jamoada olib qolish, istagani bilan
shartnoma tuzish va yaxshi futbolchiga istagan bahosini qo’yish imkoni bor.
Shuning uchun ham u 17 yoshli Runini payqab, o’zi jamoaga qo’shib olaveradi va
buni hech kimdan so’ramaydi. Erkin agentga aylangan Maykl Ovenga bir qator
haridorlar chiqib turganida uni bir chashka qahfa ichishga taklif qiladi va
BOSS ekani uchun ham Oven Fergini rad qila olmaydi, unga ishonadi. Shuning
uchun ham Ronaldu va Bekhemlarning orqasidan keladigan millionlab pullar
kimningdir cho’ntagiga emas, “MU” hisob raqamiga o’tadi. Shuning uchun ham “MU”
qandaydir oila qarzini yopib yursada bitta tempni ushlay oladi. Chunki uning
BOSSi bor. “Bunyodkor”da esa avvaliga Abramovich siyosati, keyin Abramovichdan
keyingi inqiroz siyosati, undan keyin esa Davlatov siyosati (aslida shunisi
o’rganishli mavzu, menimcha o’rganilish jarayonida uning sog’lig’i yomonlashdi
va o’z arizasiga ko’ra ishdan ketdi) amalda bo’ldi. “Qaldirg’ochlar”ning
ahvollari tobora yomonlashib borsayu, qachondir aybdor murabbiy bo’lib qolsa, yaxshi
sharoitda ishlay olmagan murabbiyga nohaqlik bo’lmaydimi? Siz SAF siyosatini
ham klubda sinab ko’rishga nima deysiz?